Bush Saudiya Arabistoniga tashrif buyurmoqda


Bugun AQSh prezidenti Jorj Bush Saudiya Arabistonida qirol Abdulla bilan uchrashmoqda. Tomonlar jahon bozorida neft narxi va ikki davlat o’rtasida tinch maqsadlarda qo’llaniladigan yadro texnologiyasi bo’yicha hamkorlikni muhokama qilmoqda.

Saudiya Arabistoni yadro texnologiyasidan tibbiyot va sanoat sohalarida hamda elektr quvvatini olish uchun foydalanishni ko’zda tutmoqda. Bush Saudiya Arabistoni neft zaxiralari, quvurlari va chegaralarini muhofaza qilish yo’lidagi hamkorlikni kuchaytiruvchi shartnoma bo’yicha ham muzokara qilmoqda.

Kelishuvga muvofiq, Saudiya Arabistoni yadro terrorizmiga qarshi tashkil etilgan xalqaro tashabbusga qo’shiladi va uning doirasida yadro tizimlari muhofazasini kuchaytirish, noqonuniy tarzda saqlanayotgan yadro materiallarini aniqlash va musodara qilish, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik bo’yicha faol harakat qilish majburiyatlarini oladi.

Prezident Bush qirol Abdulladan neft ishlab chiqarish sur’atini oshirishni ham so’rab, buning natijasida jahon bozorida neft narxini bir oz tushirishga umid qilmoqda. Bush yanvar oyida qirollikka tashrif buyurganida shu taklif bilan chiqib, rad javobini olgan edi.

Saudiya Arabistoni kuniga sakkiz yarim million barreldan ko’p neft chiqaradi. Birja ma’lumotlariga ko’ra, bugun neft narxi barreliga 127 dollardan oshgan. AQSh xom neft eksportining 14 foizini Saudiya Arabistonidan oladi.

AQSh davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, ikki davlat o’rtasidagi hamkorlik ijobiy darajada.

"Muammolar ham yo’q emas. Masalan, Iroq bo’yicha tomonlar qarama-qarshi fikrlarga ega, shunga qaramay Saudiya Arabistoni Iroqqa ko’proq diplomatik yordam berishini istaymiz," deydi Xedli.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi Jon Altermanning aytishicha, AQSh-Saudiya aloqalari 2001 yil 11 sentyabridagi voqealardan oldin ancha yaxshi bo’lgan.

Ertaga Jorj Bush Misrda bo’lib, prezident Husni Muborak, Iordaniya qiroli Abdulla va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashadi.

XS
SM
MD
LG