Breaking News

Birma hukumati sustkashligi yangi qurbonlarga olib kelishi mumkin


Pentagon Birma rahbarlarini siklon jabrdiydalariga yordam ko’rsatishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga chaqirmoqda. Muxbirimiz Al Pessin xabariga ko’ra, Birma AQShdan kelayotgan yordamni qisman qabul qilgan, biroq bu kifoya emas, deydi Pentagon matbuot kotibi Jeff Morel.

"Mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikda Birma hukumatidan qo’shinlarimizga mamlakatga kirishga ruxsat berib siklon asoratlarini bartaraf etishda yordam berishga imkoniyat yaratishni so’rayapmiz," deydi u.

Payshanbadan beri AQShga qarashli 13 ta harbiy samolyot Birmaga 140 tonna ichimlik suvi, chodir, ko’rpa va boshqa anjomlar kiritgan.

Pentagon vakilining aytishicha, agar Birma hukumati ruxsat bersa, AQSh bundanda ko’proq yordam berishi mumkin.

AQSh rasmiylariga ko’ra, ular Birmada ishlayotgan xalqaro yordam tashkilotlari va Birma rasmiylaridan jabrdiydalar ehtiyojini o’rganmoqda. Ular oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena anjomlariga ham muhtoj.

"Yordamni BMT va nodavlat tashkilotlar orqali yetkazmoqdamiz," deydi Pentagon matbuot kotibi.

Birma yaqinida yordam yuki orttirilgan AQSh kemalari turibdi, biroq Birma hozircha ularni o’z hududiga kiritmayapti.

Xalqaro Qizil Xoch jamiyatiga ko’ra, halokat zonalarida ichimlik suvi va oziq-ovqat yetishmayapti. Agar bu muammo hal qilinmasa, 100 mingga yaqin odam nobud bo’lishi va yana ko’plari iflos suvdan kasallanishi mumkin. Nargis sikloni oqibatida 43 mingga yaqin kishi o’lgan.

XS
SM
MD
LG