AQSh mudofaa vaziri Eron bilan til topishishga chaqirmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha Qo’shma Shtatlar Eronga ham iqtisodiy, ham siyosiy bosim o’tkazishi lozim.

Bush ma’muriyati Tehronni global terrorizm homiysi deb hisoblaydi va Iroqdagi jangarilarga ko’maklashayotganlikda ayblab keladi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Eronga faqatgina talablar qo’ymasdan, uning ehtiyojlariga ham e’tibor berish kerak demoqda.

“Savdolashishga, har ikki davlat manfaatlarini tarozining ikki pallasiga qo’yib, kimga nima kerakligi haqida gaplashishga majburmiz”,- deydi Geyts. Uning aytishicha, AQSh rasmiy Tehron bilan muzokara boshlashdan avval unga bosim o’tkazish vositalarini ishlab chiqishi zarur.

Amerika ayni paytda Eron bilan diplomatik aloqalar yuritmaydi va uranni boyitish dasturini to’xtatsin deya shart qo’ygan. Ushbu dastur, G’arb davlatlari nazarida, qurol ishlab chiqarishga qaratilgan.

Mudofaa vaziri Robert Geyts Eron bilan aloqalarni tiklash lozim deb chiqayotganlardan. Uning aytishicha AQSh bu imkoniyatni sobiq prezident Muhammad Xotami rahbarligi davrida boy bergan. Geyts, shuningdek, Iroqda tinchlik o’rnatish uchun Eron yordamidan foydalanish tarafdori.

Pentagon so’zlovchisi Jeff Morrelning tushuntirishicha, mudofaa vaziri Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara qilishni nazarda tutmayapti. Balki diplomatik, iqtisodiy va harbiy bosimni kuchaytirishni tavsiya etmoqda.

“AQShning talabi shuki”, deydi u, “rasmiy Tehron uran boyitishni bas qilsin va siyosatini o’zgartirsin”.

Prezident Bushning ta’kidlashicha, bu talab bajarilmas ekan, Eron bilan munosabatlarga o’rin yo’q. Isroilda so’zlagan nutqida, Bush Eron rahbarlarini terrorchi va radikallarga tenglashtirib, ular bilan muzokara qilishni taklif etayotganlarni tanqid ostiga olgan.

Pentagon so’zlovchisi Jeff Morrel prezident va mudofaa vazirining Eron masalasi bo’yicha pozitsiyasi bir deya ishontirishga urinmoqda.

AQShning qator harbiy rahbarlari Eron bilan kelishmovchiliklarni hal qilish kaliti – kuchli diplomatiya deydi, lekin so’nggi chora sifatida harbiy yurishni ham tilga oladi.

Vashington-Tehron aloqalari hozircha vaqt-vaqti bilan Iroqdagi vaziyatni muhokama qilish bilan cheklanmoqda.

XS
SM
MD
LG