Saudiya Arabistoni neft eksportini oshirmoqchi emas


AQSh prezidenti Jorj Bush oxirgi 4 oy ichida ikkinchi marotaba Saudiya Arabistonida bo’lib, yonilg’i narxlarini pasaytirish uchun ta’minotni oshirishni so’ragan.

Ammo bu safar ham rad javobini oldi. Bir barrel neft bugungi kunda 128 dollar deb baholanmoqda.

Rasmiy Vashington nazarida yonilg’i bozorida taklif talabni qondira olmayapti. “AQShda shu bois benzin qimmatlashib bormoqda va iqtisodiy muammolar qisman shunga borib taqaladi”, - deydi AQSh prezidenti.

Saudiya Arabiston Neft vaziri Ali al-Naimining aytishicha neft bahosini bozor belgilaydi. “Talab va taklif o’rtasida muvozanat saqlanmoqda,” - deydi u.

Mamlakat o’tgan hafta neft eksportini 300 ming barrelga, ya’ni 3 foizga oshirgan, biroq bu qarorga Venesuela va Meksikada ishlab chiqarish kamaygani sabab bo’lgan.

Saudiya Arabistoni, deydi vazir Ali al-Naimi, neft mahsulotlari eksportini oshirish maqsadida kelasi 4 yil ichida 90 milliard dollar ajratmoqda.

Uning aytishicha, narx-navoga neft tanqisligi emas, balki qayta ishlash sanoatining qoloqligi hamda bozordagi beqarorlik sababchi.

Ba’zi iqtisodchilar fikricha, neftni eksport qiluvchi davlatlar uni so’nggi imkoniyatlari darajasida ishlab chiqarmoqda.

XS
SM
MD
LG