Fulbraytning magistrlik dasturiga hujjatlar qabul qilinmoqda


Nodir intellektual mulk sohiblari – olimlar hamisha insoniyat taqdirini hal qilib kelgan. Ularning kashfiyoti jamiyatlarni taraqqiyot sari yetaklashi yoxud qonli urush girdobiga tashlash qudratiga ega.

Har qanday ilg’or jamiyatga nazar tashlaydigan bo’lsak, umumiy jihatni payqaymiz – bu jamiyatlarda ilm ahli hurmat va izzatda.

Deylik, Qo’shma Shtatlar mana bir necha o’n yillardan beri fozil kishilarni chorlovchi mayoqqa aylangan. Bunda AQSh senatori Vilyam Fulbraytning xizmati katta.

1946 yilda senator tashabbusi bilan ma’qullangan dastur bugun kamida 140 davlatni qamrab olgan.

Dastur sharofati bilan har yili har yili minglab xorijlik talabalar, olimlar va mutaxassislar Qo’shma Shtatlarda bepul o’qiydi, malaka oshiradi va izlanadi. Amerikalik mutaxassislar esa xorij davlatlarida o’qiydi va tadqiqot ishlarini olib boradi.

Senator Vilyam Fulbrayt amerikalik va xorijlik olimlar malaka va bilimini o’rtoqlashishi zarur deb hisoblar edi. Kongress bu dastur uchun yiliga taxminan 180-190 million dollar sarflaydi. Xorij davlatlari ham Fulbrayt uchun har yili kamida 50-60 million dollar mablag’ ajratishni kanda qilmaydi.

Ikkinchi Jahon Urushidan so’ng hayotga tadbiq etilgan Fulbrayt almashinuv programmasi ilm-fan olamida burilish yasadi. Dastur qatnashchilarining 37 nafari nufuzli Nobel mukofoti sovrindorlari.

Shu kunlarda AQShning Toshkentdagi elchixonasi Fulbraytning yangi dasturi (Fulbright Foreign Student Program) haqida e’lon qildi. Tanlovdan o’ta olgan ishtirokchilar AQSh universitetida 2 yil o’qib, magistrlik darajasini oladi. Gumanitar, ijtimoiy, aniq fanlar va muhandislik kabi yo’nalishda izlanayotgan mutaxassislar qatnashishi mumkin.

Fulbraytning yana bir programmasi uchun ham hujjatlar qabuli davom etmoqda. Xubert Xamfri (Hubert H.Humphrey Fellowship Program) nomli tanlov malakali, mustaqil mutaxassislar uchun mo’ljallangan. Ixtisoslik doirasi esa ancha keng, deylik, qishloq xo’jaligi, jurnalistika, moliya, huquq, ekologiya, tilshunoslik va hokazo. Dastur shartlari elchixona veb-sahifasida e’lon qilingan: www.usembassy.uz.

Darvoqe, har ikki programma bo’yicha hujjatlar joriy yilning 1 iyuliga qadar qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG