Breaking News

Yangi genetik tadqiqotlar oziq-ovqat taqchilligining oldini olishi mumkin


Oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko’tarilishi dunyoning turli burchaklarida norozilikka sabab bo’lmoqda.

Rahbarlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlar muammo yechimi ustida bosh qotirar ekan, AQShda hosildorlikni oshirish va o’simliklarni kasalliklardan asrash ustida tadqiqotlar avjida.

Mayk Bondman boshchiligidagi olimlar Afrika qit’asida g’alla maydonlarini yemirayotgan virusga qarshi chora izlamoqda. Ba’zi urug’ turlari bu virusga chidamli.

"Urug’larning genetik tarkibini tekshiryapmiz. Kasallikka chidamli deb topilganlari Kenyaga jo’natilib, keng maydonlarda virusga qarshi sinab ko’riladi",- deydi Bondman.

AQShning Aydaho shtati Aberdin shahridagi katta ilmiy laboratoriyada yer yuzidagi jamiki o’simliklarning urug’i saqlanadi.

"Laboratoriyamizda o’ta noyob urug’ turlari, bir necha asr ilgari qo’llangan namunalar ham bor".

Olim so’zlariga ko’ra bu urug’lar balki bugunning serhosillik talablariga javob bermas, lekin tarkibida sholi poyani yemirayotgan virusga qarshi genetik qarshilik topilsa ajabmas.

"Kasalliklarga chidamli noyob genlarni topishga urinyapmiz. Urug’ muvaffaqiyatli sinovdan o’tsa, g’allakor fermer xo’jaliklariga topshiramiz".

Mutaxassislar nazarida oziq-ovqat tanqisligi va qimmatchilikning oldini olish uchun o’simliklarning kasalliklarga chidamliligini oshirish va mo’l hosilga zamin yaratish zarur. Ilmiy, genetik tadqiqotlarga zo’r berish lozim.

"Ko’p davlatlarda hosildor ekin maydonlarini shaharlar egallamoqda. Demak, qolgan maydonlarda hosildorlikni oshirishdan boshqa iloj yo’q",- deydi Bondman.

Mazkur mayda urug’lar kolleksiyasidan dunyoning turli chekkalaridan 130 ming xil suli, guruch, arpa va javdari bug’doy urug’i o’rin olgan. Mahkam eshiklar ortida donning 55 ming turi bilan tanishasiz. Har biri haqida ma’lumot kompyuterga kiritilib, xususiyatlari, qayerdan olingani va qanday kasalliklarga chidamli ekani yozib qo’yiladi. Ushbu kolleksiyani, deydi olimlar, genetik xazina desa arziydi.

"Botaniklar internetga kirib, muayyan xususiyatlar, deylik, qaysi urug’ zang kasaliga bardoshli deb qidirib ko’rsa bo’ladi. Biz talabga qarab, aynan shu urug’ turini topib bera olamiz",- deydi Bondman.

Muayyan xususiyatga ega urug’ avlodini yaratish uchun 10 yil vaqt ketishi mumkin.

O’simliklar laboratoriya va dala sharoitida chatishtiriladi va yangi nasl olinadi.

"Ushbu jarayonda ba’zida kutilmagan natijalarga guvoh bo’lasiz",- deydi Bondman. "Biror kasallikning davosi topilsa, urug’ boshqa navlar bilan chatishtiriladi. Ekin hosildorligi, sifati va salmog’ini oshirishga erishish mumkin".

Odatda dehqon yangi bir urug’ navini dalaga kiritgach, hosildorlik oshadi. Biroq zararkunda va kasalliklar sekin-asta yangi biologik sharoitga moslashgach, o’simlik ularga chidamsiz bo’lib qoladi. Bir necha yil ichida hosil kamayadi.

"Don, arpa, suli, kartoshka kabi mahsulotlarni kasalliklardan himoya qilish uchun genetik strategiyani puxta ishlab chiqish zarur. Virus va kasalliklarga chidamli elementlarni turli manbalardan olish tavsiya etiladi",- deydi Bondman.

Dehqon va tabiat orasidagi doimiy kurash va raqobatni olimlar it-mushuk o’yiniga qiyoslaydi. Dunyo aholisi ko’payar ekan, bugungi asosiy vazifa har gektar yerdan mo’l hosil olishni ta’minlashdir. So’nggi yarim asr mobaynida dunyo aholisi 3,5 milliard kishiga o’sgan.

XS
SM
MD
LG