Osama bin Laden qayerdaligini ayta olmaysizmi?


Bundan bir necha yil oldin amerikaliklarni semizlik girdobiga tortayotgan oziq-ovqat sanoati haqida hujjatli film ishlab, shov-shuv ko’targan rejissyor yana muxlislar diqqatida.

Kinoijodkor Morgan Spurlok – “Osama bin Laden qayerda?”, - deya dunyo kezmoqda. Shunday nomlangan filmda Spurlok Yaqin Sharq bo’ylab sayohat qiladi va eng xavfli terrorchini izlaydi.

Satira va hajviya bilan boyitilgan kartina terrorizm, madaniyatlararo tafovut va oddiy odamlarning zamon haqida fikrlarini yoritib beradi.

“Jangari badiiy filmlardan o’rganganim shu bo’ldiki, deydi Spurlok, dunyo muammolarini yechish bir qahramon gardanida ekan”.

Filmini Gollivud kinolari kabi ochib, Morgan Spurlok “qayerdasan Osama” deb Marokashdan to Pokistongacha yo’l bosadi.

Spurlok yuzidagi tabassum Yaqin Sharqqa kelganida so’nadi… Diniy ekstremizm, qashshoqlik va arab dunyosida Amerikaga nisbatan salbiy kayfiyat bunga sabab…

“Avvallari Amerika Qo’shma Shtatlari deganda barchada hurmat tuyg’usi paydo bo’lardi. Hozirchi?… Umuman o’zgacha kayfiyat. Qayg’uli ahvol…”, - deydi u.

Spurlok Marokash va Misrning pastak uyli ko’chalaridan tortib, Saudiya Arabistonining serhasham do’konlariga, u yerdan esa Afg’oniston va Pokiston tog’lariga sayohat qiladi.

Yuzlab odamlar bilan ularning orzusi haqida suhbat quradi. Barchasi tinch-osuda hayot, to’kin dasturxon va farzandlarining faravonligini tilaydi. Bin Laden bilan ishi ham yo’q.

“Yaqin Sharq aholisi bin Ladenga yovuzlik, zulm va sitam olib kelgan odam sifatida qaraydi. U islom dinini chetga qora niqobda tanitdi, ko’plab musulmonlar yostig’ini quritdi va begunoh odamlar qirilib ketdi”.

Spurlok sharq tomon yo’l olar ekan, urush asoratlari bilan yuzlashadi.

“Talofatlarni ko’rib, xatolar ko’pligini anglab yetasiz. Men farzandlarimni bu yerda katta bo’lishini hayolimga ham keltirolmayman. Har kuni portlashlar, snaryadlar yomg’iri ostida maktabga boradimi?”, - deya savol beradi rejissyor.

2001 yilda AQSh qo’shinlari Afg’onistonga kirib, xalqni Tolibon zulmidan ozod etganida, aholi o’zgarishlar davri boshlanganiga ishongan, deydi Spurlok.

“Oradan mana yetti yil o’tib, bu umidlar so’ndi va xaqning xafsalasi pir bo’ldi”.

Spurlokning “Osama bin Laden qayerda?” nomli hujjatli filmidan olinadigan xulosa shundayki, barcha muammoning kaliti tutqich bermas terrorchini qo’lga olishda emas.

“Osama bin Laden timsolini yaratib, odamlarni uning sharpasi ketidan ergashtirishdan ko’ra muhimroq, yechimini kutayotgan muammolar bor. Shuni bilgan holda Amerika o’z tashqi siyosatini o’zgartirishi lozim”.

Spurlok filmi orqali amerikaliklarning Yaqin Sharq borasidagi qarashini o’zgartirmoqchi. Arab dunyosi amerikaliklar singari turli va rang-barang, orzularimiz ham o’xshash, deydi rejissyor.

XS
SM
MD
LG