Internet terrorchilarning yanqi quroliga aylanmoqda


Internet cheksiz imkoniyatlar manbai. Nafaqat ezgu maqsadda, balki qora ishlarni amalga oshirish uchun qo’l keladigan vosita.

Jahon tarmog’i, deydi mutaxassislar, jinoyatchi va terrorchilar uchun ham boshpana, ham qurol.

Internet orqali tarqatiladigan viruslar jahondagi eng xavfli vositalarga qiyoslanadi.

Mutaxassislar hisobicha har kuni bunday viruslarning 100 mingdan ziyodi kompyuterlarimizga hujum qiladi. Insonga bevosita zarar yetmaydi, ammo hayotni zaharlaydi.

Britaniya siyosatchisi Deyvid Devis fikricha elektron terrorizm ofatiga qarshi kurash boshlash fursati yetgan.

“Xakkerlar - internet bezorilari, AQShda Mudofaa vazirligi tizimiga hamla qildi. Hindistonda vazirlar, Germaniyada esa hatto kansler hujjatlarini titkilab ko’rishgacha bordi. Bunday jinoyatlar o’z vaqtida to’xtatilmasa, ertaga butun dunyo xavfsizlik tizimi, banklarimiz, aloqa vositalarimiz ishdan chiqishi mumkin”, - deydi qonunchi.

O’tgan yil aprelida Estoniya kiber-terrorizm qurboniga aylandi. Turli virus va spam - kerakmas ma’lumotlar hukumat va bank tizimini ishdan chiqardi.

Jeyms Finch AQSh Federal Qidiruv Byurosining Internet jinoyatlari bo’yicha maxsus agenti. Vaziyat kun sayin og’irlashmoqda deydi u.

“Internet rivojlanar ekan, buzg’unchilarning mahorati ham oshib bormoqda. Ular sirini topish, xavfga qarshi kurash oson emas”, - deydi maxsus agent.

NATOning ogohlantirishicha Internet terrorchilar salohiyatini oshirib, ularning ta’sir maydonini kengaytirmoqda.

Internet xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Mikko Gipponen Internet axborotdan ham ko’ra, viruslar o’chog’i deydi.

“Bugunchalik o’gir ahvolga duch kelmaganmiz. Viruslarni sanab, sanog’iga yeta olmaysiz. Har kuni minglab yangisi chiqadi. Ko’zga ko’rinmaydigan bu mayda elektron hashoratlar kompyutersiz yasholmaydigan odam hayotini barbod qilishi mumkin”, - deydi u.

Sharpa deya nomlangan virus, masalan, kompyuter tizimiga o’rnashib olib, jinoyatchilarga barcha shaxsiy ma’lumotlarni ko’rishga imkon beradi.

Maxsus agent Jeyms Finch ularni Internet mafiyasi deya ataydi.

“Internetda bir zumda katta daromad keltiradigan imkoniyatlar bor ekan, demak undagi jinoyatlar ortida katta bir uyushgan guruhlar turadi deyish mumkin. Bu guruh vakillari bir-birini hech qachon ko’rmasa-da, yagona maqsad yo’lida ishlay oladi”.

Mutaxassislar odamlarni vahimaga solib, ularni internetdan uzib qo’ymoqchi emas. Ularning maslahati hamisha ogoh bo’lishdir. Kompyuterni virusdan asrovchi programmalarsiz ishlatmang, ularni Internetga kiritmang deydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG