Breaking News

AQShlik olim islomiy demokratiya g'oyasini yoqlaydi


Islomiy jamiyat demokratik bo’lishi yoki demokratik jamiyatda islomiy tuzum ravnaq topishi mumkinmi? Garvard Universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Noa Feldman “Islom davlatining qulashi va ko’tarilishi” deb nomlangan yangi kitobida ana shu savolga ijobiy javob beradi.

“Islom tamoyillari asosida boshqariladigan zamonaviy davlatda diniy rahbarlar hokimiyatini muvozanatda ushlab tura oladigan demokratik institutlar bo’lsagina, bu mamlakatda siyosiy va huquqiy adolat kamol topishi mumkin”, deb yozadi Feldman.

Professor Feldman qalamiga mansub yangi kitobda ilk islomiy davlatlar siyosati tahlil qilinadi. Muhammad payg’ambar vafotidan so’ng bir necha asr davomida hukrmonlik qilgan xalifaliklar, deb yozadi muallif, hokimiyatda muvozanat bo’lgani sabab uzoq turgan.

"Hokimiyat bir kishining qo’lida bo’lmagan. Shariatni ulamolardan iborat guruh talqin qilgan. Bu bilan ular xalifaning hokimiyatini cheklab qo’ygan. Hech bir guruh yoki shaxs mutlaq hokimiyatga erishmagan jamiyatdagina konstitutsion tizimdan foyda bo’ladi. Ana shu omillar ilk islomiy davlatlar muvaffaqiyatlari zaminida yotgan," deydi professor Feldman.

Uning aytishicha, Usmoniylar imperiyasining so’nggi yillarida shariatni G’arbdagi huquqiy va siyosiy tizimga o’xshatish harakatlari bo’lgan, biroq shariatni turg’un qonunga aylantirish siyosati kuchlar muvozanatini buzgan. Ya’ni islomiy tamoyillar, g’oyalar va qadriyatlardan iborat qonunni talqin qiladigan ulamolarga hojat qolmasdan mutlaq hokimiyat davlat rahbari qo’liga o’tgan.

Imperiya qoldiqlari asosida tarkib topgan davlatlarning aksariyati, deydi Feldman, sud yoki qonunchilik organlari nazorati zaif siyosiy tuzumni meros qilib olgan. Bir-birini nazorat etuvchi idoralar qayta tiklangan taqdirdagina bugungi arab dunyosida zamonaviy va demokratik islomiy davlatni ko’rish mumkin, deydi olim.

"Ko’plab arab va boshqa musulmon davlatlarda o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, xalq shariatni qo’llab-quvvatlovchi siyosiy partiyalarga ovoz berishni istaydi. Bu kabi partiyalar kuchaygan taqdirdagina yangi islomiy institutlar barpo etilishi mumkin," deydi Feldman.

"Musulmonlar dunyoviy tuzum hukmron davlatlarda korrupsiya, adolatsizlik, qoloqlik hukm suradi deb ularga ishonmay qo’ygan. Shariat asosida ish ko’ruvchi va demokratik institutlar bor davlatlarda esa qonun ustuvor bo’ladi."

Biroq muammo shundaki, deydi Feldman, ayrim davlatlarda islomiy kuchlar shariatni radikal ravishda talqin qiladi. Ya’ni musulmon va boshqalarning, erkak va ayollarning bir-biri bilan teng huquqli bo’lishiga qarshi. Bunday taqdirda islomiy davlat demokratik bo’la olmaydi.

XS
SM
MD
LG