Klinton Kentukida, Obama esa Oregonda g'alaba qozondi


Kecha AQShning Kentuki shtatida o’tgan birlamchi saylovlarda demokrat senator Xillari Klinton katta farq bilan raqibi Barak Obamani dog’da qoldirgan bo’lsa, Oregon shtatidagi saylovlarda Obamaning qo’li baland kelgan. Endi Klinton qolgan shtatlardagi saylovlarda g’alaba qozonsa ham delegatlar soni bo’yicha Obamaga yeta olmaydi. Shunga qaramay Obama yagona nomzodlikni qo’lga kiritish uchun yetarlicha delegatlar soniga ega emas. Klinton o’zini mag’lub deb tan olmasa, nomzodlik taqdiri partiyaning avgust oyida bo’ladigan s’yezdida hal bo’ladi.

Xillari Klinton Kentuki shtatida 35 foiz farq bilan g’alaba qozongan. Unga asosan ayollar va oq tanli saylovchilar ovoz bergan. Obama esa Oregondagi g’alabasiga ziyoli saylovchilar ovozi hisobiga erishgan.

Obama partiyaviy saylovlarni boshlab bergan Ayova shtatida tarafdorlariga murojaat qilib demokratlardan aynan u nomzod bo’lishiga ishonishini aytgan.

Klinton esa Kentukidagi g’alabasidan so’ng poygadan chiqmasligini aytmoqda.

"Kurash murosasiz kechmoqda. Men mag’lubiyatmni tan olganim yo’q," deydi Klinton.

Uning asosiy umidi saylov natijalari hisobga olinmagan Florida va Michigan shtatlaridan. Bu ikki shtatdagi demokratlar saylovlarni partiya belgilagan muhlatdan erta o’tkazgani uchun partiya mutasaddilari natijalarni bekor qilgan. Klinton qarorni adolatsiz deb, u g’alaba qilgan Florida va Michigandagi saylov natijalari hisobga olinishini talab qilmoqda.

Klinton ikki haftadan so’ng Puerto-Riko, Montana va Janubiy Dakotadagi saylovlarda ishtirok etishga tayyor ekanini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG