AQSh, O'zbekiston yangicha hamkorlik haqida fikr almashmoqda


AQSh va O’zbekiston orasida o’tgan yillar ichida sustlashgan iqtisodiy aloqalar bugun o’zgacha tusga kirmoqda. Markaziy Osiyo neft va gaz zaxiralari makoni, deydi mintaqa bo’yicha tahlilchi Frederik Starr, ammo ular bitmas-tuganmas boylik emas. Muqobil manbalar haqida o’ylash payti yetgan.

Amerika O’zbekiston energetika sanoatiga sarmoya kiritishni hamisha istab kelgan, ammo mamlakatda buning uchun sharoit yaratilganmi?

AQSh rasmiylari va biznesmenlari nazarida hozirgi ahvol talabga javob bermaydi.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti va O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi ikki davlat vakillarini bir davraga to’plab, muqobil energiya sanoatini rivojlantirish va bu hisobiga respublikada yangi sektor va ish o’rinlari yaratish ustida fikr almashdi.

Tobora qimmatlashib borayotgan yonilg’ini ayab ishlatish, bu borada boshqa davlatlarga tobe bo’lib qolmaslik, qolaversa kelishmovchiliklarning oldini olish haqida gaplashildi.

Arzon va ekologiyaga kam zarar keltiradigan energetik manbalar har bir jamiyat uchun suv va havodek zarur.

O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va savdo vaziri Elyor G’aniyev “mamlakatda muqobil energiya sohasiga asos solingan va hukumat yangi tuzilmalar ustida ishlayapti”, - deydi.

AQSh Energetika vaziri muovini Alan Gerburg esa “Muqobil energiya iqtisod va tabiatga qanchalik katta foyda keltirishini tushunib yetayotgan davlat sifatida biz O’zbekistonga yordam berishga tayyormiz”, - deydi.

“O’zeltexsanoat” uyushmasi rais o’rinbosari, “Foton” Aksionerlik Jamiyati bosh muhandisi Anatoliy Xristich bioyonilg’i ishlab chiqarish loyihalari rahbari. Uning aytishicha O’zbekistonda quyosh nuridan quvvat olina boshlangan.

Mamlakat katta tabiiy va ilmiy salohiyatga ega, ammo sarmoya yetishmaydi.

“Yangicha tuzilmalar asosan qishloq joylarda o’rnatilmoqda. Biroq yangi sanoatni taraqqiy ettirish uchun davlatimizga aniq strategiya va reja kerak”,- deydi “Foton” muhandisi.

“Amerikaning Kaliforniya va Texas shtatlarida ishlayotgan yirik tizimlardan o’rganishga tayyormiz” deydi Xristich.

Biologik yonilg’i turlari bo’yicha AQShning Virjiniya Politexnika Universiteti tadqiqotchisi Foster Agb-levor Toshkentdagi Mikrobiologiya Instituti bilan hamkorlik qiladi.

“O’zbekistonlik olimlar bilan”,- deydi u, “paxtani chigitdan ajratishda hosil bo’lgan chiqindidan etanol moddasi ishlab chiqarish loyihasini taklif qilyapmiz”.

Loyiha hozir O’zbekiston Fanlar Akademiyasida tasdig’ini kutmoqda. “Uni mart oyida topshirganmiz”,- deydi Foster Agb-levor. Etanol, ma’lumki, eng toza yonilg’i deb tilga olinadi.

Elchixonadagi yig’inda, “Vazir Elyor G’aniyev balki akademiyaga telefon qilib, muqobil yonilg’i xususidagi ishni ma’qullashni so’rar…” degan mulohazalar ham tushdi.

Olim Agblevor, shuningdek, O’zbekistonga parranda axlatidan biologik yog’ olishni maslahat bermoqda. Dunyoning ko’plab davlatlarida parrandachilik fermalari o’z chiqindisini qayta ishlab chiqarib, o’zini yonilg’i bilan ta’minlaydi”,- deydi tadqiqotchi.

Jeyms Xorgen - sharq mamlakatlarida muqobil energetika sohasida uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis va yirik firma direktori.

“O’zbekiston quyoshli o’lka ekan, qishloq aholisini yetarlicha energiya bilan ta’minlash va tokning bahosini tushirish uchun quyosh nuridan quvvat olish juda ma’qul”,- deydi u.

“Bu sanoatni hali ko’pchilik tushunmaydi. Haqiqat shuki, zarur texnologiya ishga solinsa bas. Oftobdan quvvat oluvchi ilg’or uskunalar mavjud. Hukumat vaziyatni o’zgartiramiz deb, buning uchun qonuniy zamin yaratsa, sarmoya albatta kiritiladi”,- deydi Jeyms Xorgen.

AQShning Tennessi shtatida asoslangan “Santech” energetika kompaniyasi vakili Lorens Markel Markaziy Osiyo ekologiyasi ancha buzilib ketgan deydi.

“Izlanishlar shuni ko’rsatmoqdaki, mintaqa qurg’oqchilikdan azob chekmoqda; tuproq sho’r, unumdorligi past va eroziya darajasi yuqori. Oqibatda aholi salomatligi xavf ostida. Buning ustiga O’zbekistonda taxminan bir yarim million aholi tok bilan ta’minlanmagan. Xalqning 60 foizi qishloq joylarda yashashini hisobga olsak”,- deydi mutaxassis, “respublika uchun muqobil energiya manbalariga yo’l ochish, bu sohada ishlovchi kichik mahalliy bizneslarni targ’ib qilish ayni muddao bo’lar edi”.

Lorens Markel fikricha O’zbekiston bu sanoatni rivojlantirmoqchi bo’lsa va mintaqada bu borada yetakchilik qilishni istasa, quyidagi choralar ko’rilishi lozim:

“Davlat aniq strategiya ishlab chiqsin. Xorijiy sarmoyachilarga qulay sharoit yaratilsin, toki ular O’zbekistonda idorama-idora sarson bo’lmasin. Qog’ozbozchilik bas qilinib, tizim oshkora ishlay boshlasin. Muqobil energiya sohasini boshqaruvchi yagona agentlik vujudga kelsin yoki mavjud idoralar isloh qilinsin. Mutaxassislar malakasini oshirish va jamoatchilikka bu sohani tanishtirish uchun imkoniyatlar hozirlansin”.

O’zbekistonda inson huquqlari va demokratiya ahvolidan tashvish bildirib kelayotgan AQSh Davlat departamenti energetika sohasidagi hamkorlik va sa’y-harakatlarni quvvatlamoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG