Tojikiston yosh va malakali kadrlardan ayrilmoqda


Ayrim manbalarga ko’ra, Tojikiston oliy o’quv yurtlarini bitirayotgan yoshlarning qariyib 70 foizi mamlakatda ishlamaydi.

Xo’jand Davlat Universiteti chet tillar kulliyoti yuqori kurs talabasi Firdavsi A’zam yoshlarning Tojikistonni tark etayotgani sababini iqtisodiy tanglikda ko’radi. Uning fikricha, chet elda maosh yaxshi bo’lgani sabab yoshlar o’sha yerda qolib ketadi va Tojikiston hukumati bu masala ustida jiddiy fikr yuritib, ularni mamlakatga qaytarmoq yo’lida ishlashi kerak.

Ham o’qib, ham ishlayotgan Munira Kamolovaning aytishicha, chet elda bo’lib, dunyoqarashi o’zgarib, malakasi oshib kelgan aksariyat yoshlar Tojikistonda mavjud sharoitda mos ish topa olmaydi yoki ularni sig’dirishmaydi.

“Mansabni pul bilan olish yoki qarindosh-urug’larni lavozimga tayinlashda ko’rinadi. Mutaxassislarga joy topilmay qoladi”, - deydi M. Kamolova.

“Men bir yil AQShda o’qidim. U yerda o’qitish oliy darajada yo’lga qo’yilgan. Bizda esa istasa-istamasa talabalar dalaga chiqariladi. O’qishdan so’ng esa yoshlar diplomni sandiqqa tashlab qo’yishga majbur. Chunki yosh mutaxassislar ro’zg’or uchun zarur bo’lgan maoshni ololmaydi. Shuning uchun ham chet eldan qaytishni istamaydi”, - deydi F. A’zam.

«Varorud» axborot-tahlil agentligi bosh muharriri o’rinbosari Nabiyollohi Sunnati ham respublikada maosh ozligi va poraxo’rlikning rivojlangani yoshlarga to’siq bo’layapti deydi.

“Ish yoki martaba uchun 10-20 ming dollar bergan kishilar sarflagan pullarini kelajakda chiqarib olishga harakat qiladi. Yoshlar Tojikistonda poraxo’rlikni rivojlantirishdan boshqa manfaat keltirib bo’lmasligini tushunadi. Bu dilsiyohlik va korrupsiyadan begona yurtga qochib borishga harakat qiladi”, - deydi N. Sunnati.

Qishloq o’qituvchisi Hakimjon Zokirov Tojikistonda yosh mutaxassislar ishlashi uchun sharoit yetarli emas deb biladi. Uning fikricha, Tojikiston yoshlarining chet elda qolib ketayotganiga sabab malaka oshirish imkoniyati cheklangan.

“Yoshlarning turmushi, oila boshqarishi, o’z ustida ishlashi uchun imkoniyat Tojikistonda chet elnikidek emas. Asosiy sabab mana shundadir”, - deydi Hakimjon Zokirov.

XS
SM
MD
LG