Jahonda oziq-ovqat nisbatan arzonlashishi kutilmoqda


Oziq-ovqat mahsulotlari bahosi yaqin orada pasayishi mumkin, lekin avvalgidek arzon bo’lishi amri mahol. BMTning yangi hisobotida mazkur taxminlar bu yili hosildorlik oshishi bilan izohlanadi.

Qimmatchilik sabab qator davlatlarda norozilik namoyishlari o’tgan. BMTning 47 a’zoli Inson Huquqlari Kengashi hukumatlarni chora-tadbirlar bilan chiqishga undayapti.

Saudiya Arabistoni BMT Oziq-ovqat dasturi uchun 500 million dollar yordam puli ajratishga qaror qilgan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ta’biricha, tashkilot tarixida kiritilgan bu eng yirik yordam millionlab odamlarni ochlikdan saqlab qolishi mumkin.

BMT hisob-kitobiga qaraganda, bugun jahonda 850 million kishi och-nahor va 2 milliard odam to’yib ovqatlanmaydi.

Har bir insonning och bo’lmaslik huquqi xalqaro qonunlarda bitilgan ekan, BMTning Inson Huquqlari Kengashi bugungi ahvolni huquqning poymol etilishi deb baholamoqda.

Kengash rahbari Liuz Arbur inqirozni ba’zi joylarda tabiiy ofatlar, ba’zi hududlarda esa chuqur o’ylanmagan iqtisodiy siyosat keltirib chiqarmoqda deydi.

Arbur xonim hech bir mamlakatni tilga olgani yo’q, biroq kuzatuvchilar fikricha Birmadagi Nargis to’foni asoratlari va harbiy hukumatining sustkashligi bunga yaxshi misol.

Talab va taklif o’rtasidagi nomutanosiblik hamda adolatsiz savdo siyosati qimmatchilikka turtki bergan omillar deb ko’rsatilmoqda.

Chora ko’rilmasa, deydi BMT rasmiysi, sog’liqni saqlash va ta’lim olish kabi fundamental huquqlar ham buziladi.

Guruch, bug’doy, makkajo’xori va yog’ kabi mahsulotlar narxi mart oyidan beri ikki baravarga ko’tarilgan. Aholi daromadining 80 foizini yegulikka sarflovchi qashshoq davlatlarda, bu - namoyishlarga sabab bo’lgan.

BMT rasmiysi Olivier de Shutterning ta’kidlashicha, ba’zi mahsulotlarning bioyonilg’i ishlab chiqarishga yo’naltirilgani ham qimmatchilikning bosh sabablaridan biridir. AQSh va Yevropa qishloq xo’jaligi siyosatini qayta ko’rib chiqsin, deydi Shutter.

XS
SM
MD
LG