SPIDga qarshi vaksina izlanmoqda, shifodan darak bormi?


Asr vabosi deya nom olgan SPID kasalligi ilk bor 1981 yilda aniqlangandan beri dunyo bo’ylab 25 million odamning hayotiga zomin bo’lgan.

Hozirgacha SPIDga olib boruvchi immunitet taqchilligi virusga qarshi vaksina yaratilgan emas.

Merilend shtatida joylashgan Inson Virusologiyasi Institutida tadqiqotlar davom etyapti.

”Bu yerda biz SPIDga olib boruvchi immunitet taqchilligi virusi va inson organizmining bu infeksiyaga qarshi javobini o’rganamiz”,- deydi Alfredo Garzino, Baltimor shahridagi Virusologiya Instituti professori.

Vaksinalar hali bemorda yoki ko’ngillilarda sinab ko’rish uchun tayyor emas, deydi doktor Robert Gallo.

"Eng muhim jumboq va savollarga javob topmay turib, sinovlar boshlash noto’g’ri. Vaksina yaratish uzoq vaqt va mehnat talab qiladi".

Doktor Gallo SPIDga olib boruvchi virusni aniqlagan olimlardan biri. Ko’ngillilar topshirgan qonda bu virusni erta aniqlash usulini ham ishlab chiqqan.

Olim bugungi kunda SPIDga qarshi vaksina ustida ishlamoqda. Sinov uchun 1-2 yil ichida tayyor bo’ladi. Tayyor dori haqida esa gapirishga hali erta.

”8-12 yilgacha vaqt kerak bo’ladi”,- deydi u.

Inson Virusologiyasi Instituti, deydi doktor Gallo, izlanishlarni davom ettiradi. Yer yuzida bugungi kunda 40 million kishi SPID bilan yashamoqda. Institut tadqiqot ishlarida Afrika va Karib orollaridan 200 ming kishini jalb etgan.

Institut joylashgan Baltimor shahrida har kuni minglab bemor yordam izlab murojaat qiladi.

"Menga SPID xastaligi o’zim ishongan odamdan yuqdi. 17 yil oldin",- deydi bemorlardan biri, Judit Shov-Maknayt.

Uning 20 yillik turmush o’rtog’i va yagona qizining otasi bir necha yil oldin SPIDdan vafot etgan.

Hozirda Juditning ahvoli yaxshi. Institut qoshidagi SPID klinikasida kotiba bo’lib ishga kirgan. Bu yerga har kuni to’rt mingdan ziyod bemor keladi.

Judit Sho-Maknayt immunitet taqchilligi virusidan tashqari ko’krak raki bilan ham kurashgan. Organizmning himoya qobig’ini mustahkamlovchi dorilar qabul qiladi.

"Virusga qarshi dorilarni aniq ko’rsatma va jadval bilan va har kuni qabul qilish talab qilinadi. Bu dardga chalinganlar umri oxirigacha dori ichishga majbur",- deydi bemor.

Judit kabi millionlab bemorlar normal hayot kechirish uchun kunlik dorilarga tayanadi.

Kasallikka qarshi kurashning boshqa yo’li topilgan emas. Jahon Banki ma’lumotlariga ko’ra SPID o’chog’i bo’lmish Afrika qit’asi mamlakatlarida ahvol yanada ayanchli.

XS
SM
MD
LG