AQSh Internet-senzuraga qarshi kurashga bel bog'lamoqda


Jahon bo’ylab Internetdan foydalanish ko’lami kengaymoqda. Hattoki Internetga cheklovlar qo’yayotgan Xitoyda ham. AQSh qonunchilari Internetga doir biznes bilan shug’ullanuvchi mahalliy kompaniyalarni Internetga xorijiy hukumatlar tomonidan qo’yilayotgan senzuraga qarshi kurashishga da’vat etmoqda.

Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, ayrim mamlakatlarda ko’plab odamlar Internetdagi siyosiy faoliyati sabab qamoqqa tashlamoqda. Ayni damda AQSh Kongressi Internetda senzuraga qarshi kurashga qaratilgan qonun loyihasini ko’rib chiqmodqa. Qonun AQSh kompaniyalariga Internet sohasida xorijiy hukumatlar bilan ish yuritishni man qiladi.

”Global Internet erkinligi” deb ataluvchi ushbu qonun loyihasini ko’plab guruhlar qo’llab-quvvatlamoqda.

Onlayn-senzuraga qarshi tashviqot olib borayotgan tashkilot vakili Shiyu Jouning aytishicha, AQShning bu boradagi harakati yopiq jamiyatlardagi kishilarga umid bag’ishlamoqda.

Internet texnologiyasi bilan shug’ullanuvchi ko’plab amerikalik kompaniyalar Xitoy kabi Internet-senzurani qo’llayotgan qator mamlakatlarda biznes qiladi. Masalan, Google qidiruv tizimi Xitoy hukumatiga manzur bo’lmagan natijalarni saralaydi. AQShga qarashli yirik Sisko kompaniyasi esa Xitoyning Internet nazoratiga mas’ul davlat idorasiga millionlab dollarlik mahsulot sotgan.

Senatdagi tinglovda Google kompaniyasi vakili Nikol Vong firmaning Xitoy bilan hamkorligi bo’yicha hisobot berar ekan, Google Xitoyda biznes qilishi uchun hukumat qoidalariga rioya qilishga majbur deydi.

Vongning aytishicha, Google Xitoydagi mijozlarini qidiruv tizimi natijalari elakdan o’tkazilishi haqida xabardor qiladi.

Xitoyda elektron pochtadan foydalanish ham ba’zida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, chunki hukumat fuqarolarining elektron xatlarini o’qiy olish salohiyatiga ega.

"Bundan tashqari," deydi Yahoo kompaniyasi vakili Maykl Semvey, "Yahoo ning Xitoydagi bo’limi mahalliy kompaniyalar kabi Xitoy qonunlariga rioya qilishga majbur. Ya’ni Yahoo Xitoy hukumati talabiga ko’ra, uning elektron pochta tizimidan foydalanayotgan fuqarolar haqida hukumatga axborot berishi shart."

AQShdagi xususiy firmalar xorijiy hukumatlar oldida ojizligini tan olib, AQSh hukumatini ularga bu borada bosim o’tkazishga chaqirmoqda.

Respublikachi kongressmen Tom Koburnning aytishicha, bugungi kunda Internetdan bir yarim milliardga yaqin odam foydalanadi.

"Ularning 220 millioni Xitoyda yashaydi. Axborot – kuch, axborot – erkinlik," deydi qonunchi Koburn.

Yaqin kunlar ichida ”Global Internet erkinligi” qonun loyihasi Kongressda ovozga qo’yiladi.

XS
SM
MD
LG