Afg'on ayollari orasida o'ziga o't qo'yayotganlar ko'p

  • Mendi Klark

AQSh 2001 yil so’nggida Afg’onistonda Tolibonni hokimiyatdan ag’darganida xotin-qizlar endi erkin va farovon hayot kechiradi deya va’da bergan edi.

Afg’onlar Tolibon davrini hamon dahshat va qo’rqinch, hatto ko’z yosh bilan eslaydi.

Qora sallali, o’zini mulla deb bilgan mustabid guruh ayollarni inson deb hisoblamas, ularning na ishlash, na bilim olishga haqqi bor edi.

Bugun Afg’onistonda qizlar maktabga boradi. Kasb o’rganib, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishi mumkin.

Lekin bu mamlakat xotin-qizlari yo’lida shunday ijtimoiy talab va to’siqlar borki, ularni hatto eng demokratik va dunyoviy qonunlar ham yo’q qila olmaydi.

Ayol bo’lish bu mamlakatda jismoniy, jinsiy va ruhiy azob. O’ziga o’t qo’yish hollari keng tarqalgan.

Kobulning pastqam bir kasalxonasida yotgan 15 yoshli qizni ko’rib ko’zingizga yosh keladi. Tirik, ammo butunlay kuyib ketgan.

Jarroh Sarvoniy Sohib, afsuski, yosh ayollar shuni ma’qul ko’rmoqda deydi.

"Afg’onistonda o’ziga o’t qo’yayotganlar asosan 18-35 yosh orasidagi ayollar", -deydi u.

Qandahor viloyatilik bu qiz “ustimga lampa tushib ketdi” deydi. Lekin do’xtirlar unga ishonmaydi. O’zini o’ldirmoqchi bo’lgan, ammo hozircha tirik. Hayoti hamon xavf ostida.

Bu qiz taqdiri minglab ayollarning mash’um taqdirini aks ettiradi. O’tgan yili Afg’onistonda 500 ga yaqin xotin-qiz o’zini yoqib o’ldirgan.

Sabablar- zo’rlab erga berish, tutqunlikda saqlash, jinsiy tahqirlash, oilada ularga bir jismdek qarash, o’qitmaslik, ishlatmaslik, ularni ruhan ezish… O’ziga o’t qo’yib, ammo tirik qolish esa bir umr azobda yashash demakdir.

Omon qolganlar bir kun kelib kasalxonani tark etadi, ammo uyiga qayta olmaydi. "Bu sharmandalik",- deydi ular. Kimdir devonalik qilib kun kechiradi, kimdir, omadi kelsa, o’ziga boshpana topadi.

Yana kimlardir ularni ijtimoiy muhofaza qilish bilan band. Bu ayollarni topib, ularga yordam berishni ko’zlaydi. Bu, albatta, oson emas.

Fidoiy ayollardan biri, Malalay Jo’ya “Amerika Ovozi” bilan gaplasharkan, “bu xavfli” deydi.

Darhaqiqat, Malalay Jo’ya 2005 yilda deputatlikka saylangan, ammo erkak siyosatchilarni tanqid qilgani uchun haydalgan. Soqchilarsiz hech qayerga bormaydi.

“To’g’ri gapim deb bir kun boshimga yetishsa ajabmas”, - deydi faolning o’zi. Hozirgacha to’rt bora urinib ko’rishdi. “Ana sizga jinsiy erkinlik”,- deydi Malalay.

”Xotin-qizlar bunday hayotdan ko’ra o’lgan yaxshi deb o’ylaydi. Men ularni tushunaman. Ayol bo’lish bu jamiyatda ilojsiz yashash degani. Qaniydi, yoshlarga yordam bera olsam, umid ulasha olsam… "

Ammo Malalay yordam beryapti. Roziya degan mana bu ayol ham o’zini yoqqan. “Taqdirni qarangki, suiqasd deb erkinlikka chiqdim”,- deydi u.

"Qabila oqsoqoli 13 yoshli qizingni menga bermasang, o’ldirib ketaman deb qo’rqita boshladi”,- deydi u.

“Erim urushda o’lib ketgan, o’zim yo’lg’izman. O’zimni o’ldirsam, bolalarimni yetimxona olib, ularga g’amxo’rlik qiladi degan xayolga bordim”.

O’tda kuydi, ammo omon qoldi. Ayollarni himoya qiluvchi tashkilot uni va farzandlarini o’z qaramog’iga oldi.

"Tamom, o’ldim deb o’ylagan edim. Olloh rahm qildi",- deydi Roziya.

Afg’on rasmiylari esa ayollar oldinga intilmoqchi bo’lsa, o’zini o’ldirmay erkinlik uchun kurashsin deydi. Xotin-qizlar uchun bugun imkoniyatlar kengaygan. Ularning aytishicha ikki millionga yaqin qiz maktabga bormoqda. Bu mamlakat uchun katta yutuq.

Lekin, deydi jamoatchi faol Palvasha Hasan, ayollarning ishlashi uchun sharoit yo’q. Ommaviy axborot vositalari ular hayotiga e’tibor qaratmaydi.

"Nega bu jamiyat orqada qolib ketgan? Urf-odat va an’anani ro’kach qilib qachongacha afg’on ayollarini ezish mumkin? Xalq va hukumatdan shuni so’rash kerak",- deydi Palvasha Hasan.

Afg’on jamiyati shu qadar murakkab va ko’p qirraliki, deydi sotsiologlar, bu mamlakat ayol huquqlari yoki ularni buzish nima ekanini tushunib yetmagan.

Oddiy xalq nazarida bu turmushning bir ko’rinishi. Ko’pchilik ayollar uchun esa taqdir taqozosi.

Unga chidamaganlar yo o’zini yoqmoqda, yo hayotini xavf ostiga qo’yib, erkaklar boshqaruvidagi hukumatni adolatga chaqirmoqda. Boshqalar esa najot kutmoqda.

XS
SM
MD
LG