Stokgolmda Iroq bo'yicha xalqaro anjuman o'tmoqda


Bugun Stokgolmda 100 ga yaqin davlat va tashkilot vakillari Iroq xavfsizligi va iqtisodiyotiga bag’ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda. AQShdan Shvetsiya poytaxtiga Davlat kotibasi Kondoliza Rays borgan.

Anjumanni ochgan Iroq Bosh vaziri Nuri al-Maliki xalqaro hamjamiyatidan Iroq qarzidan kechishni so’ragan. Iroq Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga deyarli 70 milliard dollar qarz. Maliki, shuningdek, Iroqning 1990 yilda Quvaytga qarshi ochgan urushi sabab unga qo’yilgan badalni bekor qilishni so’ramoqda. Bu neft savdosidan tushgan yillik daromadning uch foiziga teng. Joriy yilda taxminan 3,5 milliard dollar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Iroq tiklanish ishlarida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Qo’shma Shtatlar Iroq qo’shnilarini Bag’dodda o’z elchixonalarini ochishga chaqirmoqda.

Iroq hukumatini shia siyosatchilari boshqarayotgani ba’zi arab davlatlarini rasmiy Bag’dod bilan diplomatik aloqa o’rnatishdan ushlab turibdi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Tom Keysining aytishicha, AQSh qo’shni davlatlarni Iroq bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirishga undamoqda.

Anjumanda Eron va Suriya rasmiylari ham ishtirok etmoqda. Kondoliza Rays ular bilan uchrashishni rejalamagan.

XS
SM
MD
LG