Afg'onistonda dehqonlar tirikchilik ko'knorga bog'liq demoqda

  • Siri Nirop

Afg’oniston - dunyoda eng ko’p afyun yetishtiruvchi davlat.

O’tgan yil mamlakatda qoradori savdosidan to’rt milliard dollar daromad olingan.

Yarmi janubiy viloyatlar, Tolibon mahkam joylashib olgan hududlarga to’g’ri keladi. Daromad huzurini ham aynan ular ko’rmoqda.

AQSh Afg’onistonni ko’knordan tozalash eng asosiy vazifa deb keladi.

Biroq afg’onlar uchun bu nozik masala. Qoradori makoni bo’lish xalq va hukumat uchun og’ir, ammo bu mahsulotsiz aholi qanday kun ko’ra oladi?

Tong otishiga hali ancha bor, ammo dehqon bozorga erta bormasa bo’lmaydi. Pokiston bilan chegaradosh tog’li viloyat – Nangahorda savdogarlar mahsulot kutmoqda.

- Shira olib keldingmi? - deya qarshilaydi dehqonni savdogar.

- Ha.

- So’ralgan miqdordami?

- O’lchaganim yo’q.

- Unda o’lchaylik.

Bozor bu bozor. Mahsulot katta taroziga qo’yiladi va dehqon keltirgan afyun miqdori o’lchanadi. Mana shu ozgina qoradori Afg’oniston eksport qiladigan eng daromadbop mahsulotdan bir tomchi. Yiliga bir necha milliard dollar foyda olib keladi.

Nangahorda ko’knori dalalari uch yil oldin buzib tashlangan va qonuniy ekinlar ekishga kirishilgan edi. Loyiha samara bermadi. Dehqonlar yana ko’knorga qaytdi.

Keksa dehqon Dur Jon hukumat siyosatini quvvatlab chiqqan va safdoshlarini ko’knor emas, sabzavotlar ekishga undagan edi.

Hukumat ham zarur yordam ko’rsatishga va’da bergan edi. Biroq dehqonlar hosil u qadar daromad keltirmasligini anglab yetdi. Qurg’oqchilik sabzavot yetishtirishga imkon bermaydi.

”Afg’oniston hamon har jihatdan zaif davlat. Bizda har qanday kasallikni topasiz. Ocharchilik, ishsizlik… Kasalxonalar yetishmaydi. Maktablar bo’m-bo’sh”,- deydi dehqon.

"Muammo shundaki",- deydi AQShning mintaqadagi rasmiysi Dag Vankel, "dehqon hukumat yordamidan bevosita foyda ko’rmayapti. Lekin atrofga qarang, Nangahorda yo’llar yaxshilandi. Ekinlar uchun toza urug’lar bepul berilayapti. Dehqonlar ularni jon deb olyapti. Suv omborlari va sug’orish tizimlari qurilayapti. O’zgarishlarni his qilmasdan iloj yo’q. Sekin, ammo ijobiy qadamlar tashlanayapti. Dehqon ozgina sabr qilmasa bo’lmaydi”.

Xullas, gap dehqonlarni ko’knordan boshqa ekin ekishga ko’ndira olishda.

Hozircha hatto Nangahorning taniqli hokimi Gul Sherzoyi ham buning uddasidan chiqa olmayapti.

Savdogarlar ko’knor urug’i bilan ta’minlaydi.

Dehqon ekib, yetishtirib bergani uchun haq oladi.

Deyarli hamma dehqonlar savdogarlardan qarzdor. Kelasi yilgacha, yana hosil olinguncha o’sha qarzi bilan yashash kerak. Qozonni qanday qaynatish doimiy muammo. Savdogar uchun esa bu bir biznes xolos.

"Biz kichik bir tadbirkormiz",- deydi qoradori savdogari. "Hukumatga qarshiligimiz yo’q. Bozorda ko’knorga talab bor ekan, u ekilaveradi, afyun yetishtirilaveradi, biz sotaveramiz”.

AQSh quvvatlayotgan Hamid Karzay boshchiligidagi hukumat esa bu azaliy muammoni qanday yechishni bilmaydi.

Qoradori bor-yo’gi bir necha afg’onni boyitmoqda, ammo savdo terrorchilarni qurollantirmoqda, kiyintirmoqda va boqmoqda.

Qarzga botib ketgan bechora dehqonlar esa ulardan qutulish va jon saqlash uchun yana ko’knor ekishga majbur.

XS
SM
MD
LG