AQShda saylovlar: Obama yoki Klinton?


Qo’shma Shtatlarda prezident saylov kampaniyasi avjida. Respublikachilar safidan nomzod ma’lum – senator Jon Makkeyn, ammo demokratlar hali ham bir to’xtamga kelmagan.

Davlat rahbari kursisiga da’vogar senatorlar - Barak Obama va Xillari Klinton o’zaro bellashuvni davom ettirmoqda.

Ammo Demokratik Partiya yetakchilari bu tortishuvga chek qo’yish fursati yeti demoqda.

Saralash musobaqalari kelasi hafta nihoyasiga yetadi. 3 uyun kuni Janubiy Dakota va Montana shtatlari hamda Puerto-Riko democrat da’vogarlar uchun ovoz beradi.

Tarafdor soni jihatdan Barak Obama oldinda, ammo Xillari Klinton shu kungacha eng ko’p kishi unga ovoz berganini aytib, shtatma-shtat o’tgan saylovlarda Florida va Michigan sarhisob qilinishini ham talab qilmoqda.

Bu ikki shtat partiya qoidalarini buzgani uchun u yerda demokratlar bergan ovoz qabul qilinmagan edi.

AQShda Senatida demokratlar yetakchisi Garri Rid va Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi masalani yaqin 10 kun ichida uzil-kesil hal qilmoqchi.

Kelasi hafta partiyaning nufuzli vakillari Barak Obama yoki Xillari Klintonni tanlashi lozim deydi ular.

Aks holda poyga avgust oyigacha davom etishi va nomzodlar sillasi qurib, noyabr oyidagi prezident saylovlarida respublikachilarga yengilishi mumkin.

Klinton nomzodlik uchun jon-jahdi bilan kurashar ekan, bu orada uning raqibi Barak Obama e’tiborni respublikachi nomzod Jon Makkeynga qaratmoqda. Makkeyn ham Obamaga hujum qila boshlagan.

"Obama Eron kabi dushman davlatlar bilan muzokara qilishga tayyorligini aytadi, AQShning Iroqdagi qo’mondoni general Petreyus bilan muloqot qilishni lozim ko’rmayapti shekilli", - deydi Makkeyn.

Barak Obama bunga javoban Makkeyn va Respublikachilar Partiyasi Iroqni qo’ldan boy berdi deydi.

XS
SM
MD
LG