Breaking News

Iroqning qo'shnilari qarzdan kechmoqchi emas


Iroqni tiklash mavzusi yuzasidan Stokgolmda o'tayotgan konferensiyada o’nlab davlatlardan vakillar qatnashmoqda.

Maqsad – Iroqni tiklash uchun xalqaro yordamni kuchaytirish. Ammo Iroq hukumati, o’z navbatida, siyosiy va iqtisodiy islohotlarga qodir ekanini isbotlashi zarur.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun fikricha Iroq hukumati va xalqi buning uddasidan chiqmoqda. Biroq, deydi u, saylov tizimi, inson huquqlari va qonun ustivorligi borasida talaygina muammolar bor.

Anjumanda maxsus deklaratsiya qabul qilinib, unda Iroq terrorizm va mazhablararo adovatga qarshi kurashmoqda va muvaffaqiyat qozonmoqda deyiladi. Biroq Bosh vazir Nuri al-Maliki uchun taxsin va olqishlardan ham muhimroq bir masala bor.

Xorij davlatlari Iroqning 67 milliard dollar qarzidan kechmasa bo’lmaydi deydi u. Bu qarzning ko’pi 30 yillik tarixga ega. Saddam Husayn olib borgan urushlar uchun endilikda Iroqning yangi hukumati kompensatsiya to’lashga majbur.

Aksariyat davlatlar konferensiyaga yetakchi diplomatlarini jo’natgan. Ular orasida AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays ham bor.

Saudiya Arabistoni va Quvayt Tashqi ishlar vazirlari anjumanga kelishni lozim topmagan. O’rniga vazirlikning quyi lavozimdagi vakillari jo’natilgan. Vaholanki, yuqorida aytganimizdek, qarzning ko’p qismi ana shu davlatlarga to’g’ri keladi.

Iroq qora oltin zaxirasi bo’yicha dunyoda 3-o’rinda. Maliki eksport hajmini oshirishni mo’ljallamoqda. Olingan daromadning 5 foizi esa qarzni qoplashga sarflanadi.

XS
SM
MD
LG