Breaking News

AQShdagi saylovlarning birinchi bosqichi yakunlanmoqda


AQShda prezident saylovlari kampaniyasining birinchi bosqichi o’z nihoyasiga yetmoqda. Respublikachilardan prezidentlikka nomzodning aniqlanganiga bir necha oy bo’lgan bo’lsa, demokrat da’vogarlarning hech biri poygadan chiqqisi yo’q. Shu hafta demokratlar partiyaviy saylovlarning so’nggi ikkitasida ovoz beradi.

Qish kunlarida Ayova va Nyu-Gempshir shtatlarida boshlangan birlamchi saylovlar yozning birinchi haftasida Montana va Janubiy Dakota shtatlarida o’z nihoyasiga yetmoqda. Demokrat da’vogar Barak Obama raqibi Xillari Klintonni delegatlar soni bo’yicha ortda qoldirmoqda, ammo Kaliforniya va Texas kabi aholisi yirik shtatlarda g’alaba qozongan Klinton saylovchilarning umumiy soni bo’yicha oldinda.

Super-delegat deb nomlanuvchi ko’zga ko’ringan siyosatchi va qonunchilarning aksariyati kimni qo’llab-quvvatlashini hali bildirmagan. Mutaxassislar fikricha, aynan ularning ovozlari yagona nomzod kim ekanini aniqlab berishi mumkin.

Demokratlar partiyasi raisi Xovard Din super-delegatlarni avgust oyida bo’ladigan partiya s’yezdigacha kutmay ovoz berishga chaqirmoqda, aks holda, deydi u, s’yezd mojaroga aylanib ketib, partiya birligiga putur yetishi mumkin.

Ayrimlar nazarida partiya birligiga rahbariyatning o’tgan haftadagi qarori tahdid solmoqda. Ya’ni Florida va Michigan shtatlaridagi saylovlarda berilgan ovozlar hisobga olinmaydigan bo’ldi. Partiya belgilangan muddatdan oldin saylovlarni o’tkazgan shtatlarni ana shu tariqa jazolashga qaror qildi.

Bu esa shu ikki shtatda g’alaba qozongan Klinton tomonidan tanqid qilinmoqda.

Klinton kampaniyasi raisi Terri Makolif kurash raqiblar yetarlicha delegatlar ovozini to’plamaguncha davom etadi deydi.

Klinton kecha Puerto-Rikodagi saylovlarda g’alaba qozongach yanada ruhlandi.

"AQSh tarixida saylovlarning birinchi bosqichida hech bir da’vogar bizchalik ko’p ovoz olmagan. Umumiy saylovchilar soni bo’yicha biz oldinda. Hamisha ikkilanib ovoz beradigan shtatlarda g’alaba qozonganimiz diqqatga sazovordir," deydi Klinton.

XS
SM
MD
LG