Qozog'iston Jahon Savdo Tashkilotiga kirish umidida


Qozog’iston kelasi 10 yil ichida raqobatbardosh, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan 50 davlat orasidan joy olishni rejalagan.

Shu maqsadda, deydi rasmiylar, mamlakat tez orada Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilmoqchi.

Savdo qoidalarini belgilovchi bu xalqaro uyushmaga intilish, mutaxassislar nazarida, har bir nomzod davlatdan chuqur islohotlar talab qiladi. Jahon Savdo Tashkilotiga mintaqadan faqat Qirg’iziston a’zo.

“Qozog’iston shu kungacha chet eldan 69 milliard dollar sarmoya jalb qilgan. O’tgan yil iqtisodiy o’sish 8.5 foizni tashkil etdi”, - deydi Sanoat va savdo vaziri muovini Janar Ayjanova. U boshchilik qilayotgan delegatsiya Jahon Savdo Tashkilotining yirik a’zosi - AQSh bilan Vashingtonda muzokara olib bormoqda.

“Hozirgi maqsad”, - deydi Ayjanova, “iqtisodiyotning har bir jabhasida rivojlanishni ta’minlash. Chunki mamlakat eksportining 70 foizini neft va mineral resurslar tashkil etmoqda. Energetika sohasiga tobelikni pasaytirish lozim”, - deydi vazir muovini.

Jahon Savdo Tashkilotiga a’zolik Qozog’iston uchun o’z mahsulotlari bozorini kengaytirish va xorijiy sarmoya oqimini ushlab turish demakdir. Tashkilotga 152 mamlakat a’zo. Ular orasida tarifflarni pasaytirish, savdo to’siqlarini olib tashlash, barchaga teng iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va kelishmovchiliklarni hal qilish tizimi mavjud.

Eng muhimi – a’zolikka intilish nomzod mamlakat bozor iqtisodiyotiga o’tishga tayyor ekanidan darak beradi.

Ammo Qozog’istonning AQShdagi elchisi Erlan Idrisov “Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish har narsadan ustun degan xayolga bormang”, - deydi. Geosiyosiy, geoiqtisodiy va demografik omillar, Qozog’istonning Rossiya va Xitoydek ulkan bozorlar bilan o’rab olingani hisobga olinadi.

Xavotir shundaki, Qozog’iston Savdo Tashkilotiga kirgach, mamlakat bozorini xorijiy mahsulotlar egallab, mahalliy sanoatlarni barbod qilishi mumkin. Lekin ularni himoya ostiga olish tashkilot shartlariga to’g’ri kelmaydi.

Villiam Vil, AQSh-Qozog’iston Biznes Uyushmasi rahbarining so’zlariga ko’ra, Qozog’iston global iqtisodiy kuchga aylanish maqsadini qisqa muddatli siyosiy-iqtisodiy manfaatlardan ustun qo’yishi lozim.

Shu kunlarda rasmiy Ostona xorijiy sarmoyadorlar bilan mustaqillikning ilk yillarida imzolangan bitim shartlarini o’zgartirib, neftdan tushayotgan daromadni qayta taqsimlashni talab qilmoqda.

O’tgan yili kuchga kirgan qonunga muvofiq, chet el firmalari bilan tuzilgan kontraktlar davlat manfaati yo’lida bir tomonlama bekor qilinishi mumkin. Sarmoyadorlar, tabiiyki, moliyaviy muhit va soliqlar o’zgarayotganidan tashvishda.

Lekin Sanoat va savdo vaziri muovini Janar Ayjanovaning ta’kidlashicha Jahon Savdo Tashkilotiga intilayotgan davlatlar orasida Qozog’istonda, ham mahalliy, ham xorijiy sarmoyachilar uchun teng va juda qulay sharoit yaratilgan.

Markaziy Osiyoning Turkmanistondan tashqari barcha davlatlari Jahon Savdo Tashkilotiga kirish uchun ariza topshirgan. Nomzodlar bozor iqtisodiyotidan qancha yiroq bo’lsa, muzokaralar ham shuncha uzoq va mashaqqatli bo’ladi, deydi mutaxassislar.

"Qozog’istonning Savdo Tashkilotiga qo’shilishi faqat Qozog’iston qo’lida", - demoqda AQSh Savdo idorasi vakillari.

XS
SM
MD
LG