Bush va urush: Vashingtonni larzaga keltirgan yangi kitob


2003-2006 yillarda Oq Uy so'zlovchisi bo'lib ishlagan Skott Makklellanning yangi kitobi Amerika siyosiy doiralarida katta shov-shuvga sabab bo'lmoqda.

Prezident Jorj Bush va uning ma'muriyati, deydi Makklellan, yolg'onni o'ziga kasb qilib olgan.

"Amerika xalqini adashtirib, chalg'itib, Iroqni bosib olgan”,- deydi o'zini Bushning sodiq safdoshi deb atab kelgan va Oq Uyni ko'zida yosh bilan tark etgan Makklellan.

Uning fikricha AQSh ommaviy axborot vositalari ham Iroq urushi oldidan hukumatni yetarlicha savolga tutmagan.

Oq uyda 3 yil xizmat qilgan Skott Makklellanning yozishicha, 2003 yilda Iroq istilosiga yetaklagan vahima va bayonotlar aslida “siyosiy propaganda” edi. Oq uy sobiq so’zlovchisi “hammasiga o’zim guvoh bo’lganman” deydi.

"Hech qanday asossiz urush boshlash mantiqqa, vijdonga to’g’ri kelmaydi. Urush – doimo eng so’nggi chora. Prezident urushni oqlashga uringanida men ham boshqa amerikaliklar singari unga ishonishni istaganman",- deydi Makklellan.

Bush ma’muriyati Saddam Husayn qo’lida ommaviy qirg’in qurollari bor deb xalq va dunyo qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirgan deydi Makklellan. Hammasi taxmin va gumon edi deydi u.

Siyosiy sharhlovchilar kitobni hukumat sobiq vakili tomonidan yozilgan ilk tanqidiy tahlil deb baholamoqda.

Mark Rom – Vashingtonda tanilgan tahlilchilardan biri.

"Bush ma’muriyati maxfiy ish yuritishi bilan, ommaga uzatiladigan bayonotlarini kuchli nazorat qilishi bilan tanilgan. Shu ma’muriyatga bosh so’zlovchi bo’lib ishlagan kishining tanqid bilan chiqishi – barchani lol qoldirdi".

Kitobda AQSh ommaviy axborot vositalari ham hukumatga yon bosganlikda ayblanadi.

“Haqiqat qo’riqchisi” rolini uddalay olmaganlikda, hukumatni savolga tutmaganlikda tanqid qilinadi.

Mutaxassislar bu gaplarda jon bor demoqda.

Mark Yurkovitz Amerikada jurnalistika sifati va salohiyatini ko’tarish kerak deb chiqayotgan loyihaga boshchilik qiladi.

"Ommaviy axborot vositalarining o’zi ham shunday xulosaga kelgan. Urushdan oldingi vaziyat xolisona, idrok bilan yoritilmagan",- deydi u.

Yurkovitz fikricha Iroq urushidan oldin Qo’shma Shtatlar hamon 2001 yilning 11 sentyabrida ro’y bergan terror xurujlaridan keyin o’ziga kelayotgan bir davr edi. Shu bois axborot vositalari haqiqat izlashga emas, vatanparvarlikka ko’proq berilgan edi.

"Mamlakat qo’rquv va shok holatidan chiqayotgan pir paytda jurnalistlar orasida hukumatni tanqid qilish xiyonat degan kayfiyat hukm surgan. O’zgacha fikrlash, tanqidiy yondashuv vaqtincha chetga surilgan, jurnalistika chekingan bir davr edi",- deydi Yurkovitz.

“Haqiqat: Bushning Oq uyi va Vashingtondagi Nayrangbozlik” – deb nomlangan kitob jahon savdo rastalariga chiqmoqda.

Prezident Bush va Oq Uy xodimlari, vitse-prezident Dik Cheyni va hukumatning boshqa a'zolari Makklellanni sotqinlikda, yolg'on va asossiz, safsataga to'la kitob yozib, mo'may daromad olayotganlikda ayblamoqda.

Skott Makklellan esa "Vatanparvar va vijdonli inson sifatida ko'rgan-bilganlarimni boshqalar bilan ulashish fuqarolik vazifam, xulosani esa kitobxonlar chiqaradi",- deydi. Hozircha uning kitobi faqat ingliz tilida chop etilgan.

XS
SM
MD
LG