AQSh-O'zbekiston aloqalari jonlanmoqda


2005 yil Andijon voqealaridan so’ng salbiylashgan AQSh-O’zbekiston aloqalari so’nggi paytda iliqlashmoqda. Bir qator AQSh rasmiylarining O’zbekistonga tashrifi bundan dalolat. O’zbekistondagi siyosatshunoslar ham buni tasdiqlashmoqda.

Hafta boshida Toshkentda prezident Karimov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Richard Baucherning aytishicha, o’tmishdagi ginalarga qaramay, har ikki tomon munosabatlarni tiklash muhimligini anglamoqda.

"Men O’zbekiston tashqi siyosatining yo’nalishini, xalqining manfaatlarini yaxshiroq tushunish uchun, davlatlarimiz birga hamkorlik qilishi mumkin bo’lgan sohalarni aniqlash uchun O’zbekistonga keldim," degan Baucher Toshkentdagi matbuot anjumanida.

O’zbekistonlik siyosatshunos Rafik Sayfulinning aytishicha, har ikki tomon munosabatlarda qator xatoliklarga yo’l qo’yilganini tan oladi.

"O’zbekistonda buni anglab yetishgan. AQShdagi uchrashuvlarimdan shu narsani bildimki, amerikaliklar ham muloqotga tayyor. Bu esa har ikki tomonga umid bag’ishlamoqda."

Rafik Sayfullin O’zbekiston prezidenti qoshidagi Strategik izlanishlar institutiga rahbarlik qilgan. Davlat xavfsizlik kengashi kotibining o’rinbosari bo’lgan. Ayni damda mustaqil siyosatshunos.

Vashingtonda AQSh Davlat departamenti, Davlat xavfsizlik kengashi va siyosatshunoslar bilan ikki davlat munosabatlari istiqbollari haqida muloqot qilmoqda.

"Aloqalar tiklanishi uchun har ikki tomon niyati xolis ekanini namoyish etishi kerak. Bu jarayon boshlangan. Davlatlarimiz ayrim masalalar bo’yicha to’plangan ziddiyatlarni yumshatish uchun amaliy chora ko’rishi zarur."

Sayfullin fikricha, O’zbekiston inson huquqlarini yaxshilash va demokratlashtirish masalalarida olg’a qadam tashlashga tayyor. Xususan siyosiy mahbuslarga amnistiya e’lon qilish, Andijon voqealaridan so’ng yopilgan AQShga qarashli nodavlat tashkilotlarga O’zbekistonda ishlashga ruxsat berishga.

O’z navbatida Qo’shma Shtatlar ham ikkitomonlama munosabatlar sifatini yaxshilash yo’llari ustida o’ylanmoqda, deydi Sayfullin.

Richard Baucherning O’zbekistonga tashrifi so’nggi ikki yarim yildan ortiq vaqtni qamoqda o’tkazgan huquq faoli Mo’tabar Tojiboyevaning ozodlikka chiqishiga to’g’ri keldi.

Rafik Sayfullin O’zbekiston tashqi siyosati haqida gapirar ekan, uning hech bir davlat tomon qaratilmaganini va tashqi siyosat O’zbekiston manfaatlari asosida belgilanishini alohida ta’kidlaydi.

"O’zbekiston-AQSh aloqalari Rossiyaga qarshi, O’zbekiston-Rossiya aloqalari esa AQShga qarshi deb bilish kerak emas," deydi Sayfullin.

Shunga qaramay AQSh-O’zbekiston munosabatlaridagi iliqlik tahlilchi fikricha Rossiyada salbiy qarshilanmoqda.

Dmitriy Medvedev prezident sifatida Markaziy Osiyoga ilk tashrifini O’zbekiston emas, Qozog’istonga qilgani ham ayrim mutaxassislar nazarida rasmiy Toshkentning g’arb tomon burilayotganiga Kremlning javobi bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG