Breaking News

AQSh Senati Oq Uyga Iroq urushi bo'yicha bosim qo'ymoqda


Demokratlar yetakchilik qilayotgan AQSh Senatining Razvedka qo’mitasi hisobotiga ko’ra, Bush ma’muriyati Iroq urushidan oldin ayrim razvedka ma’lumotlarini inkor etgan. Respublikachi qonunchilar hisobotni pisand qilmay, demokratlarni unga siyosiy tus berayotganlikda ayblamoqda.

Senat Razvedka qo’mitasi raisi demokrat Jey Rokfellerning aytishicha, Oq Uy ma’muriyati urush rejalariga zid bo’lgan razvedka ma’lumotlariga ko’z yumgan.

Hisobotga ko’ra, al-Qoida va Saddam Husayn tuzumi o’rtasida bo’gliqlik bo’lmagan, 2001 yil 11 sentyabr voqealari ishtirokchilaridan biri Iroq razvedkasi xodimi bilan uchrashmagan. Iroq yadro quroli ustida ishlamagan va umuman AQSh va xalqaro hamjamiyatga Oq Uy ma’muriyati ta’riflaganidek tahdid bo’lmagan.

Demokratlar tomonidan tayyorlangan hisobotni ikki respublikachi qonunchi ham qo’llab-quvvatlagan. Ammo boshqa respublikachilar bunga qarshi chiqmoqda.

Qo’mita a’zosi respublikachi Kristofer Bondning aytishicha, demokratlar prezident saylovlaridan oldin saylovchilar diqqatini o’ziga qaratmoqchi.

Oq Uy matbuot kotibi Dana Perino hisobotga vazmin baho berishga harakat qildi.

"Prezident ham, ma’muriyati ham, Kongress ham bir xil axborot manbalari asosida ish ko’radi. Ammo razvedka ma’lumotlarini doim ham 100 foiz aniq deb bo’lmaydi," deydi Perino.

Senator Rokfeller bunga keskin javob berdi.

"Noto’g’ri razvedka ma’lumotlari asosida ish ko’rish boshqa, ma’lumotga ega bo’la turib uni o’z manfaatiga moslash boshqa," deydi AQSh senatori.

XS
SM
MD
LG