AQShda demokratlar Kuba bilan aloqalarni tiklamoqchi


Kuba AQSh uchun hamisha xavfli qo’shni va mamlakat tashqi siyosatida alohida diqqatga sazovor bir davlat bo’lib kelgan.

Uzoq yillar davomida Sovet Ittifoqi va shu tariqa kommunizm tarafdori bo’lgan bu orolda yarim asrlik hukmronlikdan so’ng Fidel Kastro hokimiyatni ukasi Raulga topshirdi. Vashington nazarida Kuba zolim diktatura ostida yashaydi.

Amerikada bugun minglab kubalik qochqinlar va muhojirlar kun kechiradi. Ko’pi uchun Floridaning Mayamy shahri yangi vatan va jamoa bugun katta siyosiy kuchga aylangan.

Kubalik-amerikaliklar hozirda Kongress va shtat qonunchilik palatalarining nufuzli a’zolari. Prezidentlikka respublikachi nomzod - senator Jon Makkeyn fikricha, Kuba kommunizmdan qaytmas ekan, u bilan diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalarni qayta tiklamaslik lozim.

Kubalik muhojirlar va ularning Amerikada ildiz otgan avlodlari hamisha respublikachilarni quvvatlab kelgan. Ular Kubaga nisbatan keskin siyosat tarafdori. Prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn ham.

"Bir kun kelib Kuba ham demokratiyani tanlaydi va bizning do’stimiz bo’ladi. Kuba erkin jamiyatga aylanadi. Bu uning taqdiri va kelajagi…"

Prezidentlikka nomzod demokrat Barak Obama ham shu fikrda. “Buning uchun Kuba bilan muloqot boshlash kerak”,-deydi u.

"Kubada adolatsizlikka barham berish payti yetgan. Bu davlat zulmdan ozod bo’lishi uchun birgalikda harakat qilmoq zarur. AQSh prezidenti bo’lsam, Kuba erkinligi uchun kurashaman."

Fidel Kastro 1959 yilda kommunistik inqilobga yetakchilik qilib, hokimiyatga kelgach, Kuba-AQSh munosabatlari buziladi va shundan beri Amerikaning har bir prezidenti Karib dengizidagi bu orol hukumatini qoralab keladi.

Yarim asr o’tibdiki, AQSh Kubaga iqtisodiy embargolar qo’ygan. Orol bilan savdo qilinmaydi.

Amerikadan panoh topgan kubaliklar bu siyosatni ma’qullaydi. Aksariyati Florida shtatida yashovchi bu jamoa vakillari faol fuqarolar va saylovchilar.

"Gap bu yerda yuz minglab fidoiy saylovchi, siyosiy jihatdan aktiv guruh haqida ketmoqda. Kubaliklar AQSh saylovlari natijasiga katta ta’sir o’tkazadi”.

Yil boshida Fidel Kastro sog’lig’idan shikoyat qilib, ukasi Raulni voris etib tayinladi. Raul Kastro iqtisodiy islohotlar boshlagan, oshkoralik tarafdori ekanini aytmoqda, ammo “Kuba kommunizmga sodiq qoladi”deydi.

AQSh siyosiy doiralarida Kubaga nisbatan siyosatni yumshatish davri yetdi, Raul Kastro bilan gaplashish kerak deyayotganlar talaygina. Makkeyn bu puch tashabbus deydi. Barak Obama Kuba masalasini tushunmaydi deydi respublikachi senator.

"Senator Obama bir pozitsiyada turmay, bir embargo tarafdoriman deydi, bir unga qarshi. Raul Kastro bilan hech qanday shartsiz gaplashaman deydi. Hech qanday shartsiz-a? Bu Kuba diktatori uchun ayni muddao emasmi? Diktatura bundan o’z manfaati yo’lida foydalanishi mumkin”.

Barak Obama esa bevosita diplomatiya diktatura bilan gaplashishning eng ma’qul yo’li deydi.

"Jon Makkeyn mamlakatni aylanib, hammaga Obama Raul Kastro bilan uchrashmoqchi deb jar solyapti. Xuddi men Kastroni bazm yoki choyga taklif qilayotgandek. Men ochiq muloqot haqida gapiryapman. Buni Makkeyn biladi”.

Obama, prezidentlikka saylansa, Amerikada yashovchi kubaliklarga vatanga borishi uchun sharoit yaratmoqchi. Prezident Jorj Bush buni va orolga pul jo’natishni 2004 yildan beri cheklab qo’ygan. Maqsad Kubaga bosimni kuchaytirish.

Muhojirlar bu cheklovlarning bekor qilinishini so’rab keladi.

”Qizig’i shundaki, Barak Obama inson huquqlari va demokratiya uchun kurashaman, ammo Kubani yakkalab qo’ymoqchi emasman deyapti. Izolyatsiya qilish shu kungacha samara bermagan. Obama amaliy choralar taklif qilyapti nazarimda”.

Kuba hukumati AQShdagi munozaralarni salbiy baholagan. Tortishuvlar esa davom etmoqda. Nafaqat Kubaga nisbatan siyosat yuzasidan, balki Qo’shma Shtatlarning boshqa mamlakatlarga nisbatan qanday munosabatda ekani haqida ham.

XS
SM
MD
LG