Bush Yevropa bo'ylab safarga chiqmoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush Yevropa bo’ylab safarga chiqmoqda. Shu hafta davomida u Sloveniya, Germaniya, Italiya, Fransiya va Britaniyada bo’ladi. Bu Bushning Yevropaga prezident sifatida so’nggi safari bo’lishi mumkin.

AQSh Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, prezident safari davomida bir necha maqsadni ko’zlaydi.

"Sloveniyada AQSh-Yevropa Ittifoqi sammitida ishtirok etadi. Yevropa rahbarlari bilan jahondagi dolzarb mavzularni, xususan savdo, iqlim o’zgarishi, oziq-ovqat inqirozi hamda xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi," deydi Xedli.

Bush, shuningdek Eron yadro dasturi bo’yicha diplomatik harakatlar olib borayotgan Fransiya, Germaniya va Britaniya rahbarlari bilan uchrashadi.

"Eron masalasi bo’yicha Bush Yevropa rahbarlaridan bir tomonlama va ko’p tomonlama diplomatik harakatlarini kuchaytirishni, Eronga kattaroq sanksiya qo’yishni so’raydi."

Biroq, deydi Xedli, Bushning Yevropa safaridan katta narsalarni kutmaslik kerak. Muloqotlar davomida iyulda Yaponiyada bo’ladigan Katta Sakkizlik sammitiga tayyorgarlik haqida ham fikr almashinadi.

AQSh-Yevropa aloqalari Bush prezidentligi davrida va xususan Iroq urushi tufayli taranglashgan. Uning Yevropaga safari ana shu ziddiyatlarni yumshatishga qaratilgan.
Prezident Bush fikricha, AQSh-Yevropa o’rtasida ajratadigan omillardan ko’ra birlashtiradiganlari ko’proq.

"Eng avvalambor, xavfsizlik. O’zaro savdo esa jahon iqtisodiyotini tebratuvchi omil," deydi Bush.

Bush ikkinchi prezidentlik muddatidan so’ng bir yil ichida Yevropaga uch marta safar qilgan. 2005 yil fevralida esa u Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi qarorgohiga qadam qo’ygan ilk AQSh prezidenti bo’ldi.

"Do’stligimiz jahon tinchligi va farovonligi uchun muhimdir. Hech qanday munozaralaru, kelishmovchliklar bizni ajrata olmaydi."

Germaniyaning AQShdagi Marshall Jamg’armasi mutaxassisi Jon Glenning aytishicha, so’nggi ikki yil ichida Iroq masalasi AQSh va Yevropa tomonidan deyarli muhokama qilinayotgani yo’q.

"Tomonlar asosan ularni kelajakda kutayotgan tahdid va muammolarga urg’u bermoqda," deydi Glen.

Gap Eron, Xitoy, Rossiya va iqtisodiyot haqida ketmoqda. Eron masalasi bo’yicha Bush Yevropaning diplomatik harakatlarini yuqori baholamoqda.

"AQSh va Yevropaning Iroq urushidan boshqa masalalar bo’yicha katta qarama-qarshiliklari yo’q," deydi Glen.

Bushning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Yevropada bir necha rahbar almashdi. Germaniyada hokimiyatga Angela Merkel, Fransiyada esa Nikolya Sarkozi keldi.

Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi Rejinald Deylning aytishicha, Sarkozining kelishi bilan AQSh-Fransiya aloqalari yaxshilana bordi.

"Umuman Yevropada AQShga munosabat ijobiy tomonga o’zgarib bormoqda," deydi Deyl.

Ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, o’zgarish katta bo’lmasada, ijobiy. Bunga Amerikaning prezident saylovlari arafasida turishi ham qisman sabab bo’lishi mumkin.

O’tmishda taniqli jurnalist Rejinald Deyl fikricha, AQSh va Yevropa bir-biriga kerakligini anglab yetmoqda.

"21-asr muammolarini yechishda bu ittifoq katta rol o’ynaydi," deydi u.

XS
SM
MD
LG