Breaking News

Eronda inson huquqlari xalqaro hamjamiyat diqqatidan chetda


Xalqaro huquq faollariga ko’ra, so’nggi bir yil ichida Eronda fuqarolik jamiyatiga nisbatan ta’qiblar kuchaygan. Ular nazarida Eron yadro dasturi bilan ovora xalqaro hamjamiyat inson huquqlari ahvoliga e’tiborni susaytirgan.

Huquq himoyachilari ta’biricha, Eronda o’nlab faollar qamoqda. Jurnalistlar, huquqshunoslar, talabalar va kasaba uyushma a’zolari ta’qib qilinmoqda.

Inson huquqlarini Eronda himoya qilish xalqaro kampaniyasi vakili Hadi G’ayemining aytishicha, Eron yadro dasturi bois unga nisbatan xalqaro bosim kuchayar ekan, rasmiy Tehron ham repressiyalarni oshirmoqda.

Unga ko’ra, Erondagi inson huquqlari faollari davlatiga qo’yilayotgan bosimdan va ayniqsa G’arbning harbiy chora ko’rish ehtimolidan xavotirda. Bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi faollar. Diplomatik choralargina rasmiy Tehronni xalqaro hamjamiyat qo’yayotgan talablarga rioya qilishga unday oladi.

Eron BMTning Inson huquqlari bo’yicha deklaratsiyasini 1975 yili imzolagan. Faollar nazarida hukumat xalqaro majburiyatlarini muntazam ravishda buzib keladi.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, eronlik Shirin Ibodining aytishicha, BMT Inson huquqlari kengashi Erondagi vaziyatni o’rganish uchun maxsus vakil tayinlashi kerak.

"Kengashning so’nggi ikki yil ichidagi ishini ijobiy deb bo’lmaydi. Kengash faoliyatini yaxshilash yo’llarini izlash kerak," deydi Ibodi.

Qo’shma Shtatlar ham shu fikrda. O’tgan hafta rasmiy Vashington kengashdagi faoliyatini cheklashga qaror qilgan. Amerika nazarida BMT Inson huquqlari kengashi Isroilni tanqid qiluvchi muassasaga aylangan.

Shirin Ibodi AQShning bu qarorini tanqid qilmoqda. Uning fikricha, jahon xalqlari BMTga umid bilan qaraydi.

"Tashkilot zaiflashsa, ularning umidi so’nadi," deydi u.

XS
SM
MD
LG