AQSh nazarida Hamid Karzay ishonch va ko'makka loyiq


Fransiya Afg’onistonni tiklash bo’yicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilmoqda.

Prezident Hamid Karzay 5 yillik reja taklifi bilan chiqar ekan, buning uchun 50 milliard dollar zarur deydi.

Qo’shma Shtatlar Karzay hukumati ishonch va yordamga loyiq deb hisoblaydi.

Biroq tanqidchilar prezident Hamid Karzayning faoliyatini tahlil qilar ekan, Tolibon va qoradori savdosiga qarshi kurash sust kechmoqda deydi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Richard Baucherning aytishicha Afg’oniston rahbarini AQSh emas, balki afg’on xalqi baholashi kerak. Ammo Bush ma’muriyati Karzayni har jihatdan yoqlaydi deydi Baucher.

“Afg’oniston prezidenti demokratik yo’l bilan saylangan. Qo’shma Shtatlar Karzay bilan samarali hamkorlik qilib keladi. Afg’oniston rahbari korrupsiya chuqur ildiz otgani, boshqaruv hamon zaif ekani va afyun savdosi barq urayotgani kabu muammolarni tushunadi va ularni yengishga urinmoqda”, - deydi AQSh rasmiysi.

Parijdagi konferensiyada 65 davlat vakillari qatnashishi kutilmoqda. Ular Afg’oniston uchun jami 10 milliard dollar ajratishi mumkin deydi Baucher.

“So’nggi paytlarda Tolibon NATO va AQSh qo’shini bilan yakkama-yakka jangdan qochib, suiqasd xurujlariga berilgan”,- deydi Baucher. Jangarilar yirik hududlarni ko’z ostiga olsa-da, koalitsiya askarlari bunga yo’l qo’ymayapti. Tolibonning kuchi faqat kichik qishloqlarga yetmoqda xolos, deydi AQSh rasmiysi.

BMT nazarida o’zaro hamkorlik sustligi bois xalqaro moliyaviy yordam samarali sarflanmayapti va va’da qilingan mablag’ vaqtida ta’minlab berilmayapti.

XS
SM
MD
LG