Bryusselda NATO mudofaa vazirlari uchrashmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Bryusselda NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari majlisida ishtirok etmoqda. Afg’oniston va boshqa masalalar muhokamada. NATO vakillari alyansni kuchaytirish yo’llari to’g’risida o’ylanayotgan bir paytda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Yevropa xavfsizligini ta’minlovchi yangi tizim tuzish taklifi bilan chiqmoqda.

So’nggi marta NATO rasmiylari aprel oyida Buxarestdagi sammitda to’plangan. Bryusselda esa kelasi ikki kun davomida NATO mudofaa vazirlari Afg’onistonda alyans faoliyatini yaxshilash va kuchaytirish, mamlakatga qo’shimcha harbiy texnika yuborish haqida muloqot qiladi.

NATO Afg’oniston Kompakt deb nomlanuvchi besh yillik reja asosida Kobuldagi hukumat va xalqaro hamjamiyat bilan birga mamlakat xavfsizligi, davlat boshqaruvi, iqtisodiy taraqqiyot sohalarida qator ishlarni amalga oshirmoqda.

AQSh mudofaa vazirining Yevropa va NATO bilan hamkorligi bo’yicha muovini Den Fataning aytishicha, Bryusselda Afg’onistonning Tolibon faol janubida NATO qo’shinlariga navbatma-navbat qo’mondonlik qilish ham muhokama qilinadi.

Ayni damda janubdagi NATO kuchlariga Kanada bosh-qosh. Noyabrdan boshlab qo’mondonlik avval Niderlandiyaga, bir yildan so’ng esa Britaniyaga o’tishi rejalanmoqda.

Afg’onistonda NATOning 53 ming askari bor. Harbiy harakatlardan tashqari afg’on armiyasi tayyorgarligi bilan ham shug’ullanadi.

AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi ham kun tartibidan o’rin olgan. NATO, Rossiya qarshiligiga qaramay, rejani tasdiqlagan.

Pentagon rasmiysiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mudofaa tizimi o’rnatilishi rejalangan Polsha va Chexiya bilan bir necha oy ichida bitim imzolamoqchi.

"Chexiya hukumati bilan hujjat yoz oxirigacha imzolanishi mumkin. Polsha bilan esa muloqot davom etadi," deydi Fata.

Mudofaa vazirlari uchrashuvida NATOga yangi a’zolarni qabul qilish ham ko’rib chiqiladi. Ayni damda Albaniya, Xorvatiya va Makedoniya alyansga kirishga yaqin turibdi.

NATO a’zolari tashkilotni kuchaytirishga intilayotgan bir paytda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning taklifi ba’zilar nazarida alyansni zaiflashtirishga va AQShning Yevropaga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.

Medvedev fikricha, Sovet davrida qabul qilingan ayrim bitimlar hamda NATO va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotlari bugungi zamon tahdidlariga javob bermay qo’ygan.

Shu hafta Moskvadagi media forumda gapirar ekan, Medvedev Yevropa xavfsizligi yangi shartnoma va tuzilmani talab qiladi degan. Buning uchun, Rossiya rahbari fikricha, barcha Yevropa davlatlari ishtirokida sammit o’tkazish kerak.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Pavel Felgenxauerning Amerika Ovoziga aytishicha, Kreml NATOning kengayishini istamaydi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Rossiyadagi saylovlarni tanqid qilishidan charchagan.

Felgenxauer fikricha, Rossiyaning taklifi Yevropada qabul qilinmaydi.

"Medvedevning tashabbusi Sovuq Urush davrida bo’lgani kabi Yevropani bo’lib qo’yishga qaratilgan. G’arbni bu taklif qiziqtirmaydi," deydi Felgenxauer.

Mutaxassis fikricha, Rossiya NATOda ovoz berish huquqiga ega bo’lmagani uchun ana shunday taklif bilan chiqmoqda.

Medvedev taklif qilayotgan yangi Yevropa xavfsizlik tizimida AQSh va Kanadaga joy bo’lmaydi, ya’ni xavfsizlik tizimi tom ma’noda yevropacha bo’ladi. Ammo AQSh bilan yaqin bo’lgan davlatlar bunga rozi bo’lmaydi, deydi mutaxassislar.

Bugungi uchrashuv chog'ida NATO mudofaa vazirlari alyansning Kosovodagi 16 ming kishilik tinchlikni saqlovchi askarlari mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazishiga kelishib olgan.

XS
SM
MD
LG