Breaking News

Pokiston AQShni 11 askarning o'limida ayblamoqda


Seshanba kuni Afg’oniston-Pokiston chegarasida pokistonlik 11 askar halok bo’lgan.

Rasmiy Islomobod voqeada AQSh boshchiligidagi koalisiyani ayblamoqda.

Ular nazarida afg’on qo’shini chegarani buzib, Pokistonga kirgan, AQSh havo kuchlari esa hududni o’qqa tutgan.

Qo’shma Shtatlar hodisa tasviri tushirilgan videotasmani e’lon qilgan. AQSh rasmiylari afsus bildirib, hodisani puxta tergov qilishga va’da bermoqda.

Pokiston harbiylari bugun dafn etilar ekan, rasmiy Islomobod bu voqea AQSh bilan hamkorlikka ziyon qilishi mumkin deydi.

Biroq Amerika harbiylari voqeani butunlay boshqacha ta’riflamoqda. Jangarilar koalitsiya qo’shiniga hujum qilgan, otishma Afg’oniston hududida, chegaradan 200 metr ichkarida ro’y bergan. Ular operatsiya haqida Pokiston rasmiylarini ogohlantirgan. AQSh chiqargan videotasmada bir guruh jangarilarga havodan zarba berilgan.

Senator Rass Feyngold Pokistonda bo’lib qaytdi. Uning aytishicha, rasmiy Islomobod terrorizmga qarshi kurashda AQShning yaqin hamkori va bu aloqalarni saqlab qolish zarur.

“Biroq Qo’shma Shtatlar Al-Qoidaning emin-erkin harakat qilishiga yo’l qo’ymaydi. Jangarilar Pokiston hududida tinch yurgan bo’lishi mumkin, lekin ular Afg’onistonga hujum qilmoqda. Bunga chidab o’tirmaymiz,” – deydi senator Feyngold.

Pokistonning AQShdagi elchisi Husayn Haqqoniy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “rasmiy Islomobod qabilaviy jangarilar bilan murosa qilishga urinmoqda” deydi.

“Muzokaraning asosiy sharti shuki”, deydi u, “ajnabiy jangarilar, Al-Qoida va Tolibon yo’q qilinishi, har qanday xurujlar bas qilinishi zarur. Biz nafaqat Pokiston, balki chegara ortidagi davlatlar xavfsizligini ham unutganimiz yo’q”, - deydi Pokiston elchisi.

XS
SM
MD
LG