Breaking News

AQSh Guantanamodagi mahbuslar taqdirini hal etishga urinmoqda


AQSh Oliy sudi chiqargan hukmga ko’ra Guantanamoda saqlanayotgan qariyb 270 mahbusning ishi fuqaro sudlarida ko’rilishi mumkin.

Oq Uy esa ko’pchiligi 2002 yildan beri qamoqda o’tirgan va asosan Afg’oniston va Pokistonda ushlangan bu insonlar harbiy tribunalda tortilishi kerak deb hisoblaydi.

Ularni so’roq qilgan tergovchilar esa mahbuslarning qiynoqqa solinganini tan olib, terrorizmda gumon qilingan bu shaxslar kuch bilan aybga iqror bo’lgan deb chiqmoqda.

2004 yilda Iroqning Abu-G’arib qamoqxonasidagi qiynoqlarni fosh etgan tasvirlar jahon ahlini dahshatga solgan edi.

Shundan keyin omma Guantanamodagi harbiy qamoqxonada saqlanayotgan mahbuslar ahvoli qanday deya so’ray boshladi. Ularning ham qiynoqqa solinayotgani ayon bo’ldi.

Haqiqat, deydi Senat oldida hisobot bergan tergovchilardan biri. Jek Klunan ismli bu sobiq agentning aytishicha, AQShning so’roq qilish usullari terrorga qarshi kurashda yordam bermayapti. Aksincha, deydi u, terroristlarning Amerikaga qarshi qilichini charxlamoqda.

“Terroristlarning yangi avlodlari bu qiynoqlar uchun bizdan qasos olishga tayyorlanayotgan bo’lsa ajabmas. Qiynoqqa solingan insonlar uchun o’zini qurbon qilishga tayyor yoshlar amerikaliklarni o’ldirishga shaylanmoqda”,- deydi u.

Klunan amaldagi qonun-qoidalarni o’zgartirish kerak deydi. “Maqsad mahbuslardan ma’lumot olishmi, ularni qiynoqqa solish o’rniga, murosa yo’lini izlash kerak”,- deydi u.

"Al-Qoidaning a’zosiman deb o’tirgan odamning ko’nglini olish oson emas, albatta. Lekin ularga bir inson sifatida munosabatda bo’linsa, Osama bin Ladenga sodiq ekanini tan olgan holda ham bizga ma’lumot berishi mumkinligiga o’zim guvoh bo’lganman”,- deydi sobiq agent.

Kongress hozir Adliya vazirligining ayrim qarorlarini tekshirib chiqmoqda. Bush ma’muriyati, deydi qonunchilar, mahbuslarning qiynoqqa solinayotganini bilib turib, bu ahvolga ko’z yumgan bo’lishi mumkin.

AQSh Bosh inspektori Glenn Faynning aytishicha, Adliya vazirligi Pentagonni qiynoqlar haqida bir necha bor ogohlantirgan.

“Adliya vazirligi Mudofaa vazirligiga mahbuslar qattiq qiynoqqa solinayotganini bilamiz, bu qonunga qarshi deya bir necha bor eslatgan. Ammo Mudofaa vazirligi mahbuslar qonun asosida so’roq qilinmoqda deya javob bergan”,- deydi bosh inspektor.

Terrorizmda gumon qilinganlarni so’roq qilish jarayonida maxsus agentlar o’tiradi, ammo ularga qo’pol vaziyatda chiqib keting deb uqtirilgan.

Qiynoqlar AQSh qonunlariga binoan qat’iyan man etilgan. Lekin prezident Bush maxfiy agentlar, ayrim nozik holatlarda, mahbuslarni so’roq qilishda ularni suvga bo’ktirish singari usullarni qo’llashga majbur deb keladi.

"Aks holda ular gapirmaydi",- deydi Bush. “Mening buyrug’imsiz hech bir mahbusga bunday munosabatda bo’linmaydi”,- deydi prezident. Kongress nazarida esa prezidentni bu vakolatdan ayirish lozim.

XS
SM
MD
LG