Vashington Kreml bilan yadroviy hamkorlikni kuchaytirmoqchi


AQSh rahbari Jorj Bushning aytishicha, AQSh Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish uchun Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishi lozim.

Bush Vatikanda Rim papasi bilan muloqot qilgan. Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni bilan uchrashuvda Eronni yadro maqsadlaridan qaytarish xususida so’z borgan.

AQShning Eron va unga ittifoqchi davlatlar bilan munosabatlari ham shu kunlarda AQSh Kongressida muhokamada. Ma’lumki, Rossiya va Xitoy AQShning Eronga qo’shimcha sanksiya qo’yish takliflariga qo’shilmaydi.

Lekin Bush ma’muriyati Rossiya bilan yadroviy hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Bu haqda prezident Bush 2006 yilda Rossiyaning o’sha paytdagi prezidenti Vladimir Putin bilan kelishib olgan edi.

Kongress a’zolari ushbu kelishuv shartlarini savolga tutmoqda. Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi rahbari Xovard Berman “Rossiya AQShga Eron masalasida ko’mak berayaptimi?” deb so’raydi. Uning fikricha “Tehron yadro qurolini qo’lga kiritmoqchi bo’lib turgan bir pallada, Kreml buni to’xtatish uchun hech narsa qilmayapti”.

AQSh davlat kotibi muovini Jon Rud esa Rossiya bilan yadroviy hamkorlik bitimini himoya qilmoqda. “Energetika, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik va yadroviy terrorizmga qarshi kurashda birga ishlamasak bo’lmaydi”, - deydi u.

Qator mutaxassislar nazarida bu Vashington-Moskva munosabatlarini yaxshilash uchun imkoniyat. Biroq qator qonunchilar Rossiyani Eronga zamonaviy qurollar yetkazib berayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG