AQSh Quddusda yahudiy posyolkalari qurilishini tanqid qilmoqda


Isroil Quddus atrofida yahudiylar uchun 1300 ta uy qurishni mo’ljallar ekan, Yaqin Sharqqa safar qilayotgan AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Isroil qarorini tanqid qilgan.

“Bu Yaqin Sharq tinchlik harakatlariga pand beradi”, - deydi Rays xonim.

Ma’lumki, falastinliklar Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’radi.

Isroil sharqiy Quddusda va Iordaniya daryosining g’arbiy sohilida 3 mingdan ortiq uy qurmoqchi va bunga to’liq haqli, deydi so’zlovchisi Mark Regev.

“Falastin bilan muzokaralar qanday tugashidan qat’iy nazar Quddus Isroil poytaxti bo’lishi aniq”, - deydi Regev.

Ramallohda AQSh Davlat kotibasi bilan uchrashgan Falastin prezidenti Mahmud Abbos yahudiy posyolkalarini tinchlikka erishish yo’lidagi to’siq deb atagan.

“Isroil yo qurilishni, yo tinchlikni tanlasin”, - deydi Falastin muzokarachisi Soib Erekat.

Bush ma’muriyati Isroil-Falastin tinchlik bitimi yil oxiriga qadar imzolanishiga umid bog’lagan. Qo’shma Shtatlar ularga qo’ldan kelgancha yordam beradi, deydi Davlat kotibasi Kondoliza Rays.
XS
SM
MD
LG