Breaking News

AQSh va Britaniya qator masalalar bo'yicha hamfikr


Prezident Bush Yevropa bo’ylab safari davomida Londonda Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun bilan uchrashib, Afg’onistonga qo’shimcha askar yuborish va’dasini olgan. Tomonlar Eron masalasini ham muhokama qilgan.

Oq Uy Bushning Yevropaga safarini muvaffaqiyatli deya atamoqda. Qo’shma Shtatlar Britaniya bilan ba’zi masalalar bo’yicha kelishuvga kelgan. Gordon Braunning aytishicha, Eron uran boyitishni to’xtatmas ekan, unga qarashli yirik banklaridan birining Britaniyadagi puli muzlatiladi.

"Agar Eron BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga bo’ysunmasa, biz bilan hamkorlik qilmasa, sanksiyalarni kuchaytirishga majbur bo’lamiz," deydi Britaniya bosh vaziri.

Rasmiy London Afg’onistonga qo’shimcha askar yuborishini ham ma’lum qilgan.

"Biroq," deydi Braun, "Iroqdagi askarlar soni o’zgarmaydi."

Prezident Bush muzokaralardan ko’ngli to’lganini aytdi.

"AQShning Iroqdagi qo’shinlari soni qo’mondonlar tavsiyasiga qarab o’zgaradi. Siyosatchilar belgilagan muhlatga qarab emas," deydi u.

Bush va Braun Zimbabvedagi hukumatni keskin tanqid ostiga olib, saylovlarning ikkinchi bosqichi soxtalashtirilishi mumkin deya xavotir bildirgan.

Britaniya bosh vaziri fikricha, Robert Mugabega yana bir prezidentlik muddatini o’g’irlashga imkon bermaslik kerak.

"Zimbabve hukumati saylovlar ochiq va adolatli bo’lishini nazorat qilish uchun mamlakatga BMTning inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili va boshqa xalqaro kuzatuvchilarni kiritishi zarur," deydi Braun.

Ikki rahbar Birma, neft narxi, savdo aloqalari va terrorga qarshi urush bo’yicha ham fikr almashgan.

Bush va Braun Shimoliy Irlandiya poytaxti Belfastga ham safar qilib, u yerdagi tinchlik jarayoniga xayrihoh ekanini aytgan.

XS
SM
MD
LG