Rays Isroilning Sharqiy Quddusda uylar qurish rejasidan norozi


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Yaqin Sharq tinchlik jarayonini tezlatish maqsadida mintaqaga safar qilgan. Rays Isroilning Sharqiy Quddusda qo’shimcha posyolkalar qurayotganidan norozi.

Rays Isroil va Falastin rahbarlari bilan alohida uchrashgan. U Isroilning oldingi kelishuvlarga rioya qilmay tinchlik jarayoniga xavf solayotgan siyosatini keskin tanqid qilgan. Isroil falastinliklar tomonidan kelajakdagi davlatining poytaxti deb ko’rilayotgan Sharqiy Quddusda 1,300 ta yangi uy qurilishi haqida ma’lum qilgan. Isroil matbuotiga ko’ra, hukumat kelasi o’n yil ichida Quddusda 40-mingga yaqin uy-joy qurmoqchi.

"Bunday qaror va siyosat muzokaralarga salbiy ta’sir qilmoqda. Muzokaralarga ziyon yetkazish emas, ularni rag’batlantirish kerak," deydi Rays.

Rays bilan uchrashuvdan so’ng matbuot anjumanida ishtirok etgan Falastin prezidenti Mahmud Abbos tarjimon orqali so’zlar ekan, qurilishlar o’zaro kelishuvlarga zid degan.

"Bu siyosiy tashabbuslar yo’lidagi eng katta g’ov," deydi u.

Isroil Quddusning istalgan joyida uy qurishga haqli ekanini aytib, tinchlik bitimi imzolangach, Quddus yahudiy davlatining poytaxtiga aylanadi demoqda.

"Barchamiz tinchlikka intilyapmiz. Yil oxirigacha Falastin davlatining barpo etilishiga asos soluvchi bitim imzolanadi deb o’ylayman," deydi Rays.

Mutaxassislar fikricha bunga erishish borgan-sari qiyinlashib bormoqda, chunki posyolkalardan tashqari tomonlar falastinlik qochqinlar taqdiri va Quddus maqomi bo’yicha ham kelisha olmayapti.

Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert esa unga mamlakat ichida qo’yilayotgan ayblovlar tufayli o’z lavozimidan ayrilishi mumkin. Bu esa muzokaralarni cho’zib yuborishi mumkin.

XS
SM
MD
LG