G'arb buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovni xotirlamoqda


Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning vafoti ko’pchilikni o’ylantirib qo’ygan bo’lsa ajabmas.

Ba’zilarning aytishicha, butun bir davr poyoniga yetgan. Mohir, yetuk adiblar safi bo’shab borar ekan, savol tug’iladi.

Jamiyat ularning o’rnini bosa oladigan qalam ahlini tarbiyalay oladimi? Jahon, xususan, G’arb ahli bu adiblarning ijodidan boxabarmi?

Viskonsin Universiteti (University of Wisconsin-Madison) Osiyo tillari va madaniyati bo'limi professori Yulay Shamilo’g’li (Uli Schamiloglu) so'zlariga ko'ra:

"Amerikaliklar Markaziy Osiyo adiblari haqida ko'p bilmaydi. Tanimaydi, Aytmatovni ham tanimaydi. "New York Times" gazetasining bugungi sonini ko'rdim, hatto ta'ziyanoma ham chiqmagan."

Nima uchun Amerika xalqi bu adiblarni bilmaydi degan savolga esa quyidagicha javob oldik:

"Amerikada shunday an'ana shakllanganki, sovet davridan boshlab aslida rus millatidan bo'lgan yozivchilarni sevib o'qiganlar. AQSh universitetlarida ham, deylik, "Soviet literature in translation" nomli darslarda ham Aytmatovni doim ham o'quv dasturiga kiritishmagan," - deydi Yulay Shamilo'g'li.

Vashington Universiteti (University of Washington) professori Ilze Sirtautas (Ilse Cirtautas) mana bir necha o'n yildirki Markaziy Osiyo davlatlari bilan ilm-fan sohasida hamkorlik qilib keladi. U 1970-yillardan beri O'zbekiston Fanlar Akademiyasi bilan birga izlanishlar olib boradi.

"1994 yildan beri Qirg'iziston, O'zbekiston, Qozog'iston va boshqa davtlatardan talabalar kelib, universitetimizda ta'lim oladi. Ular bilan gaplashib shuni bildikki, bu yoshlar o'z milliy adabiyotidan bexabar. Ular Chingiz Aytmatovning birorta asarini qo'liga olmagan. Aytmatov kimligini biladi, lekin kitoblarini o'qimagan."

Aytmatov bilan shaxsan tanish bo'lgan Ilze Sirtautas marhum adib juda jiddiy shaxs edi deydi.

"Uning opasi Roza Aytmatova bilan qalin dugona edik". 1995 yilda ularnikida mehmon bo'lgan professor, Chingiz Aytmatov juda kamgap, salobatli inson edi. Ko'p savol berishga haddim sig'mas edi, ochig'i deydi u.

"O'sha "Jamila" yoki "Birinchi muallim" asarlarini olsak, albatta kommunizm, sotsializm mavzulari bor, lekin asosan fon shaklida, orqa planda. Asosiy mavzu esa odamlar, ularning ichki kechinmalari, mehr-muhabbat, sevgi… Bugun rus tilini bilgan odamlarga "manqurt" atamasi tanish. Ya'ni, o'z tarixini, madaniyatini bilmagan odam, odam emas. Inson sifatida haq-huquqi yo'q. O'sha davrda "Asirga tatigulik kun" romanini yozish katta jasorat edi. 1970-yillarda Sovet Ittifoqi tarkibidagi millatlar o'z tarixini, madaniyatini unutib borayotgan edi. Aytmatov ana shu yo'l bilan haqiqatni oshkor etgan," - deydi Viskonsin Universiteti professori Yulay Shamilo'g'li.

Bugun Markaziy Osiyo adiblari orasida Aytmatovning ishini davom ettira oladigan mualliflar bormi?

"1990-yillarning boshida "Sharq yulduzi" jurnalida O'tkir Xoshimovning "Tushda kechgan umrlar" romanini o'qigan edim. Meni juda hayratga solgan asar, qisman ingliz tiliga tarjima qilganman. Aspirantlarimdan biri ana shu roman asosida ilmiy ish qilgan edi. So'nggi 10-15 yilda o'zbek adabiyoti ko'proq ideologiyaga berilgan. Ko'proq Amir Temur davri haqida asarlar, tarixiy romanlar yozilmoqda. Hozirgi rahbariyatni, hukumatni tanqid qilish degan narsa yo'q. Bugungi adabiyotni markazning buyruqlariga ko'ra yozilgan adabiyot deb bilaman," - deydi Yulay Shamilo'g'li.

Professor Ilze Sirtautas bu savolga javob izlab o'ylanib qoldi:

"Avvallari bunday yozuvchilar bor edi. Masalan, marhum O'lmas Umarbekovning ijodi e'tiborga loyiq deb hisoblayman. U Aytmatov asarlaridan ilhomlanib yozar edi. Ammo bugun undaylar yo'q nazarimda. Birortasining nomini keltira olmayman. Hozir har holda vaziyat shunday, lekin yoshlarga o'rgatish bizning vazifamiz. G'arb ta'sirida yashayotgan bu yoshlarga Chingiz Aytmatov kabi yozuvchilarning merosini yetkazish biz uchun g'oyat muhim."

Amerikada adibning ijodi haqida so'nggi bor 1995 yilda ilmiy asar chop etilgan. Jozef Mozurning ("Parables from the Past: The Prose Fiction of Chingiz Aitmatov") – "O'tmishdan hikoyalar: Chingiz Aytmatov asarlarida fantastika". Shundan so'ng biror monografiya nashrdan chiqqan emas.

Adibga sobiq ittifoq davlatlari va Yevropada qiziqish-e'tibor ziyoda. Uning "Oq kema", "Qiyomat", "Asrga tatigulik kun", "Jamila", "Sohil bo'ylab chopayotgan olapar" kabi asarlari dunyoning 150 dan ziyod tillariga o'girilgan, qayta-qayta chop etiladi. Shu kunlarda Tatarston poytaxti Qozonda Aytmatov haqida "Asrga tatigulik kun" nomli hujjatli film suratga olinmoqda.

XS
SM
MD
LG