Barak Obama prezident bo'lsa, "dushmanlar" bilan gaplashadi


Demokratlardan prezidentlikka nomzod senator Barak Obama noyabrda respublikachi senator Jon Makkeyn bilan bellashadi.

Obama, prezidentlikka saylansa, AQSh tashqi siyosatini butunlay yangilamoqchi.

"AQShga dushman davlatlar rahbarlari bilan uchrashishga, ular bilan muloqot boshlashga tayyorman",- deydi Obama.

Amerika askarlarini Iroqdan chiqarish, Eronni yadro dasturidan voz kechishga ko'ndirish, Guantanamo qamoqxonasini yopish. Barak Obama Amerika tashqi siyosatida katta o'zgarishlar va'da qilmodqa.

"Siyosatni boshdan oyoq yangilaymiz. Qo'shma Shtatlar, avvalgidek, ishlari bilan boshqalarga namuna, yo'lboshchi bo'lishga qodir",- deydi Obama.

Amerikaning avvalgi prezidentlari ham tashqi siyosat bobida shunday bayonotlar bilan chiqqan, deydi tahlilchilar. Xususan Garri Truman, Jon Kennedi va boshqalar demokratiya va inson huquqlari targ'ibotini hamda qashshoqlikka qarshi kurashni birdek muhim vazifa deb bilgan.

Piter Beinart AQSh tashqi siyosati bo'yicha yetakchi mutaxassislardan. "Barak Obamaning fikrlari", - deydi u, "sobiq prezident Vudro Vilsonni yodga tushiradi. Ya'ni "dunyo davlatlari birdek xavf bilan yuzlashmoqda – iqlim o'zgarishi, ekologik muammolar, iqtisodiy beqarorlik kabi masalalarga birgalikda yechim qidirish zarur" degan fikrni olg'a suryapti".

Iroq masalasida, Obama AQSh qurolli kuchlarini bu mamlakatdan sekin-asta, 16 oy ichida chiqaramiz deydi. Yaqinda AQSh-Isroil Aloqalari qo'mitasida qilgan nutqida esa Eron mavzusida quyidagi bayonot bilan chiqdi.

"Eron atom qurolini qo'lga kiritmasligi uchun vakolatimni to'liq ishga solaman",- deydi Barak Obama. Bu so'zlar respublikachi raqibi senator Jon Makkeynga qaratilgan. Makkeyn Obamani sodda va tashqi siyosatda tajribasiz nomzod deya baholaydi. Obamaning Eron kabi davlat rahbarlari bilan shartsiz gaplashish tashabbusini bir necha bor masxara qilgan.

"Gavana va Pxenyanga o'tirgan zolim rahbarlar bilan hech qanday shartsiz, to'g'ridan-to'g'ri gaplashaman deyish – yengil-yelpi, yuzaki mulohazadan darak beradi",- deydi Jon Makkeyn.

Barak Obama esa sobiq prezidentlar, jumladan respublikachi Ronald Regan ham shunday yo'l tutgan deya, tanqidlarni chetga surmoqda. Lekin gap tajribada, deydi vashingtonlik tahlilchi Helle Deyl.

"Obama hali Senatda birinchi muhlatini ham tugatgan emas. Tashqi siyosat bobida pishmagan. Gaplariga diqqat bilan quloq tutsangiz, xalqaro siyosatning ikir-chikiridan bexabar yosh siyosatchi ekanini sezasiz".

Obama bunga javoban "bolalik yillarimning bir qismi Indoneziyada o'tgan",- deydi. 10 yoshigacha Jakartada maktabga qatnagan. AQShda Kolumbiya va Garvard universitetlarida tahsil olgan.

"Obamaning tarjimai holi avvalgi prezidentlardan farq qiladi",- deydi siyosatshunos Piter Beinart. "Obama Indoneziyada ulg'aygan. Onasi Kanzas shtatidan, otasi esa AQShga o'qish uchun kelgan keniyalik talaba bo'lgan. Buning ustiga, deydi Beinart, AQSning qora tanli ilk prezidenti bo'lishi uning mavqeini ko'taradi. Lekin bu – AQShga xalqaro maydonda yon berishadi degani emas. Davlatlar orasida manfaatlar to'qnashuvi o'z yo'liga".

Obama saylovchilar orasida "o'zgarishlar davri keldi" degan shiori bilan tanilgan. Uning tarafdorlarini asosan yoshlar tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG