Rossiyada millatchilik va shovinizm avj olmoqda


Rossiyada millatchi va shovinistlar tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni oshib bormoqda. Jabrdiydalar asosan Markaziy Osiyo, Kavkaz va Afrika xalqlari vakillari. Ba'zi mutaxassislar fikricha skinxedlar va bezori guruhlari hujumiga rus millatiga mansub bo'lmagan rossiyaliklar ham uchramoqda.

XX asr o'rtasida natsistlar Germaniyasiga qarshi kurashgan Rossiyada fashizm rivojlanib bormoqda. Rus natsistlarini irqchilar, skinxedlar, shovinistlar deb ham atashadi. Ularning shiori – "Rossiya ruslar uchun". O'rtacha yoshi 16-27 atrofida. Maqsadi – Rossiyani kelgindi xalqlardan tozalash.

Ayrim manbalarga ko'ra, Rossiyada 10 millionga yaqin muhojir bor. Aksariyati Rossiyaga ishlash uchun boradi. Asosan Kavkaz va Markaziy Osiyodan. Millatchilar Rossiyada tahsil olayotgan afrikalik va janubi-sharqiy osiyolik talabalarni ham suymaydi.

Rossiyada deyarli har kuni kamida bir kishi etnik adovatdan jabr ko'radi.

Ksenofobiya muammolarini o'rganuvchi Moskvada asoslangan SOVA markaziga ko'ra, o'tgan yili 600 ga yaqin xuruj qayd etilgan. 80 kishi irqchilar qo'lidan o'lgan. Shu yil 1 iyuniga qadar esa 232 xuruj qayd qilinib, qurbonlar soni 57 kishini tashkil etgan.

"Zo'ravonliklar kuchayib bormoqda",- deydi markaz direktori o'rinbosari Galina Kojevnikova. "Oldin xurujlarga faqat erkaklar uchragan bo'lsa, hozir ayollar va bolalar ham fashistlar nishoniga aylanmoqda. Xurujlar asosan poytaxt Moskvada amalga oshiriladi, ammo so'nggi payt zo'ravonliklar bir oz susaygan. Huquq tartibot organlari yirik operatsiyada etnik qotilliklarda gumon qilinayotgan 53 kishini hibsga olgan".

Huquq tashkilotlari millatchilarning faollashishida muammoga ko'z yumayotgan siyosatchilarni ayblaydi. Ular nazarida sud tizimi jinoyatga qo'l urgan yoshlarga nisbatan yumshoq hukm chiqaradi. Ayrimlari esa jazosiz qolib ketadi. Ammo Kojevnikovaning aytishicha, so'nggi bir-ikki yildan buyon huquq tartibot organlari muammoga jiddiyroq yondasha boshlagan.

"Sudlarimizni yumshoq deb o'ylash xato bo'lardi. Aybi isbotlanganlarning ayrimlariga hatto bir umrlik qamoq jazosi ham berilgan. Ammo jinoyatlarni fosh etish nisbati ularning sodir etilishidan pastroq ekanini tan olish kerak. Muammo shundaki, ba'zi hollarda jinoyatni isbotlab berish qiyin kechmoqda",- deydi SOVA markazi xodimi Galina Kojevnikova.

Moskvaga ishlashga borgan Alisher ismli o'zbekistonlik nazarida skinxedlar musulmonlarni alohida nishonga oladi. "Bunga Rossiya ichidagi va xalqaro sahnadagi ayrim siyosiy jarayonlar sabab bo'lmoqda",- deydi u.

Biroq Zohidjon ismli yana bir o'zbekistonlik ishchi-migrant fikricha, skinxedlar asosan tana rangiga qarab odam ajratadi.

Diniy va etnik masalalar bo'yicha amerikalik mutaxassis Pol Goblning aytishicha, Rossiyada millatchilikning kuchayishiga demografik muammolar ham sabab bo'lmoqda.

"Rossiya misli ko'rilmagan demografik o'zgarishlarni boshdan kechiryapti. Aholi yiliga bir millionga qisqaryapti. Bu esa millatchilik kayfiyatini oshirmoqda. Birinchi jahon urushidan keyin aholisini yo'qotgan ayrim mamlakatlarda millatchilik keskin kuchaygan",- deydi Gobl.

Ayrim hisobotlarga ko'ra, 2050 yilga borib Rossiyada ruslar etnik ozchilikka aylanishi mumkin. Bunga rus oilalarida tug'ilish sur'atining pastligi, ichkilikka berilish, ko'plab fuqarolarning mamlakatni tark etishi va aksincha musulmon oilalarda tug'ilish darajasining yuqoriligi sabab qilib ko'rsatilmoqda.

Bundan xavotirga tushgan ayrim siyosatchilar shovinistik kayfiyatning kuchayishiga ko'z yumibgina qolmay, ba'zi hollarda ularni rag'batlantirmoqda ham. Ammo boshqa tomondan aholisi kamayib borayotgan Rossiya iqtisodiy jihatdan ishchi-migrantlar va muhojirlarga muhtoj.

XS
SM
MD
LG