Isroil va Xamas tinchlik sulhi imzoladi


Isroil Xamas jangari guruhi bilan sulh imzolagan. Qo’shma Shtatlar Misr vositachiligida erishilgan bu tinchlik kelishuvini olqishlamoqda, biroq rasmiy Vashington nazdida Xamas - hamon terrorchi tashkilot.

Uzoq davom etgan muzokara ketidan Xamas va Isroil otishmani to’xtatishga qaror qilgan. Ertadan e’tiboran, Xamas Isroilga raketa hujumlari bas qiladi, Isroil esa sekin-asta G’azo sektori bilan chegarani ochadi.


“G’azo bilan chegarada otishma va portlashlar barham topib, odamlar tinch va osuda yashay boshlaydi degan umiddamiz”,- deydi Isroil rasmiysi Mark Regev.

Xamas yetakchisi Ismoil Haniya esa “Tinchlik sulhi Falastin xalqi tortgan azob-uqubatlar chek qo’yadi”,- deydi.

Lekin tinchlik muzokaralari hali ham davom etmoqda. Isroil Xamasdan garovdagi askarini ozod qilishni, Xamas esa Isroildan qamoqdagi falastinliklarni chiqarib yuborishni talab qilmoqda. Ayrimlar nazarida Xamas sulh bahonasida kuch to’plash niyatida.

Isroil rasmiysi Benyamin Ben Elizer “Tinchlik va osoyishtalik uchun shayton bilan muzokara qilishga ham tayyormiz”,- deydi.

AQSh esa Xamasga kelajakni o’ylab qadam tashlashni eslatmoqda.

”Xamas istasa xalqaro hamjamiyat bilan mustahkam aloqa bog’lashi mumkin. Guruh prezident Mahmud Abbosning shartlarini qabul qilib, hokimiyatni birgalikda boshqarishga ko’nishi lozim”,- deydi AQSh rasmiysi Tom Keysi.

Ayrimlar nazarida Isroil-Xamas muzokaralarining Misr yordamida, Isroil-Suriya muloqotining esa Turkiya vositachiligida kechayotgani AQSh nufuzi pasayganidan dalolat beradi. Biroq rasmiy Vashington jarayonlarni yaqindan kuzatayotgani va tomonlar bilan yopiq eshiklar ortida munozara ketayotganini bildiradi.

XS
SM
MD
LG