Breaking News

O'zbekiston matbuoti: amalda ahvol qanday-u, qog'ozda qanday?


Yaqinda Toshkentda bir qator xorijiy davlatlardan kelgan ekspertlar ishtirokida “Zamonaviy demokratik jamiyatda ommaviy axborot vositalarining o`rni” deb nomlangan media-forum o’tkazildi.

Mustaqil jurnalistlar fikricha, forum O`zbekistondagi so`z erkinligi bilan bog`liq haqiqiy vaziyatni aks ettirmagan.

Xalqaro media-forum faqat rasmiy idoralar ishtirokida o`tgan.

O`zbekiston matbuotida konferensiya haqida berilgan maqolalarga ko`ra, anjumanda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar O`zbekistonda matbuotni liberallashtirish maqsadida o`tkazilayotgan islohotlarga yuqori baho bergan.

Mamlakatdagi mustaqil jurnalistlarning anjuman haqidagi fikri mutlaqo keskin; mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning aytishicha, anjuman yopiq o`tgan, media-forumni tashkil qilishdan maqsad mamlakatda so`z erkinligini rivojlantirish emas.

“Mutlaq propaganda uchun o`tkazilgan forum, boshqa maqsadlar ko`zda tutilmagan”, - deydi mustaqil jurnalist.

Rasman ro`yxatdan o`tgan “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko`ra media-forumda qatnashish haqida urunishlar samarasiz tugagan.

“Nodavlat tashkilotning sifatida forumda qatnashish uchun ro`yxatdan o`tishga urinib ko`rdik, imkoni bo`lmadi. Ko`pchilik xalqaro tashkilotlar bu yig`inni ko`z bo`yamachilik deb atadi. Bu baholarda haqiqatan jon bor”, - deydi u.

Abdurahmon Tashanov forumdan keyin O`zbekiston matbuotini kuzatish ham so`z erkinligi borasida biror o`zgarish kutilmayotganini ko`rsatmoqda deydi.

“Forumda haqiqatda so`z erkinligi uchun kurashayotgan xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashishi kerak edi, lekin bunday bo`lmadi, buning uchun O`zbekistonda muhit bo`lish kerak. Bunday muhit esa yo`q, uchrashuvga kelganlar qandaydir siyosiy o`yinlarni isbotlashga harakat qilayotganlar, O`zbekistonda so`z ekrinligi bo`yicha qandaydir yangilanish bor degan iddaoni isbotlashga harakat qilgan guruhlar bo`ldi”, - deydi Tashanov.

Yaqinda mamlakatdagi mustaqil jurnalistlardan biri Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalarni saqashda ayablanib, qamoqqa olingani ma`lum bo`ldi.

Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi O`zbekistonda so’z erkinligiga nisbatan ta`qib to`xtamayotganini ko`rsatdi. Abdurahmonov Qoraqalpog’istondagi sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri edi. Ayni paytda jurnalist Nukusdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Jurnalistning turmush o`rtog`i Shukurjon Abdurahmonova so’zlariga ko`ra, unga nisbatan avval ham tazyiqlar ko`rsatilgan.

“Menimcha ularning maqsadi uydagi kompyuterdagi qog`ozlarni qo`lga kiritish, undan davlatga qarshi biron narsa topish, bu borada tergov olib borish. Buning uchun prokuraturadan ruxsat kerak bo`lgan. Ana shuning uchun amalga oshrilgan deb taxmin qilayapman,” - deydi jurnalistning turmush o`rtog`i.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarning ta’qib etilishidan xavotirda. Kecha tashkilot rasmiy Toshkentdan hukumatni ayblagani uchun qamoqqa tashlangan jurnalistlarni ozod etishni talab qilib bayonot chiqargan.

Bayonotda Solijon Abdurahmonov tilga olingan va hukumatga qarashli viloyat telestansiyalarida Ozodlik radiosi jurnalistlariga qarshi olib borilayotgan kampaniya tanqid qilingan. Rasmiy Toshkent Yevropa tashkiloti bayonotiga hali munosabat bildirmagan.

Sharhlovchilar fikricha, keyingi paytda O`zbekistonda inson huquqlari va so`z erkinligi masalasiga doir qator konferensiyalar o`tgan, biroq undan maqsad bu qadriyatlarni amalda tadbiq etish emas, balki xalqaro jamoatchilik oldida soxta ko`rinish hosil qilish ekani urg`ulanmoqda.

XS
SM
MD
LG