Jurnalist ba'zida ko'r, kar va soqov bo'lishga majburmi?


Shu kunlarda G’arb kitobxonlari orasida mutolaa qilinayotgan tarixiy asarlardan biri “Josuslar va So’zlovchilar: Sovuq Urush Muxbiri Sifatidagi Hayotim” deb ataladi.

Muallif kelib chiqishi rus, biroq Fransiya va Amerikada ulg’aygan, 1960-80 yillarda Moskvadan turib yozgan o’tkir maqolalari bilan nom qozongan jurnalist -Nikolas Daniloff.

Daniloff 2000-2001 yillarda O’zbekiston Davlat Jahon Tillar Universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Shuningdek, bu soha rivoji yo'lida akademik hamkorlik va almashinuv dasturi ham ishlab chiqqan. Shu asosda o'zbekistonlik bir necha talaba va o'qituvchilar Amerikaga safar qilib, jurnalistika maktablari va matbuoti bilan tanishgan.

Nikolas Daniloffning katta bobosi Aleksandr Frolov dekabrist bo’lgan; 1825 yilning dekabrida rus podshosi Nikolay I ni taxtdan ag’darishga uringan inqilobchilardan biri.

Daniloffning oilasi 1917 yilda Bolsheviklar Inqilobi yuz berayotgan paytda Rossiyani tark etib, Fransiyaga yo’l oladi va keyinchalik Amerikadan panoh topadi. “Buvim Anna Nikolayevna Danilova menga rus o’g’loni ekanimni va bir kun kelib ona vatanimga qaytishim muhim deya uqtirar edi”,- deydi Nikolas Daniloff.

Taqdir taqozosi va ezgu maqsadi bilan Daniloff ota-bobolari ortda qoldirgan yurtga 1961 yilda amerikalik muxbir sifatida boradi.

Rus tilini bilgani uning uchun ham foyda, ham zarar edi. Boshqa xorijiy muxbirlar singari KGBning doimiy nazorati ostida ishlagan. 1985 yilda AQShda rus olimi Gennadiy Zaxarov josuslikda ayblanib ushlanganida, KGB Daniloffni Moskvada hisbga oladi.

AQSh-Rossiya o’rtasida keyingi ikki hafta davomida kechgan muzokaralar kelishuv bilan yakunlangach “josuslar” almashinadi. SSSRning sobiq rahbari Mixail Gorbachev Daniloffning qamoqqa olinishini “siyosiy o’yin” deya tan olib, jurnalistning aybsiz ekanini aytgan.

“Bu Sovuq Urushning bir ko’rinishi bo’lgan xolos”,- degan Gorbachev 1992 yilda AQShda so’zlaganida. “Sovuq Urushda nimalarni ko’rmadik, boshdan kechirmadik”,- deydi Daniloffning o’zi. Jurnalistlar o’shanda ham, bugungidek, eng xavfli kasb egalari edi.

"Erkinlik hamisha tor ma’noda talqin qilinadi. Ayniqsa, Sovet Ittifoqi va undan keyin vujudga kelgan mustaqil davlatlarda. Ko’pchilik erkinlik bu xohlagan narsangni xohlagan paytda qilish deb o’ylaydi. Erkinlik va mas’uliyat yonma-yon yurishini, bir-birisiz inson hech narsaga erisha olmasligini anglashmaydi. Balki shu bois bugun sobiq SSSRdan qolgan jamiyatlar demokratiya nima ekanini anglay olmayapti. Hukumatlar uchun so’z va fikr erkinligini bo’g’ish eng kuchli siyosatdek tuyuladi. Odamlar tanqid va tahlil, o’z-o’zini tanqid qilish aslida foydali ekanini bilmaydi".

Nikolas Daniloff nazarida jurnalistlardan xavfsirash, tanqidiy maqolalar yozgan muxbirlarga xalq yoki davlat dushmani deb qarash - ham siyosiy boshqaruv, ham mentalitetga xos narsa. Bunday fikrlash odamlar ongiga shunchalik singib ketganki, deydi Daniloff, mustaqillikning mana 17 - yilida ham yana shu holatga guvoh bo’layapmiz.

"Hammasi so’z erkinligiga borib taqaladi. Amerikada, masalan, bu davlat asoschilari boshidan, matbuot hukumatning kuzatuvchisi, jamiyatning zaif tomonlarini fosh etuvchi kuch bo’ladi deb qaragan va buning uchun ham qonuniy, ham amaliy zamin hozirlagan. Nazarimda Markaziy Osiyo davlatlarida bunday ish tutilmadi. Rahbarlar tanqiddan qo’rqadi, chunki hokimiyatni boy berib qo’yaman deb cho’chiydi. Muxolifatga toqat qila olmaydi. Qarabsizki, jurnalist jamiyatdagi o’zgarishlarni yoritish vazifasini o’tay olmaydi",- deydi Daniloff.

Vaholanki O’zbekistonda, masalan, davlat konstitutsiyasi va qator qonunlar axborot olish va tarqatish erkinligini kafolatlaydi. Senzura man etilgan.

"O’zbekistonda bu borada sakkizta qonun bor”, - deydi O’zbekiston radiosi muxbirlaridan biri. “Lekin oddiy muammolarni ham yorita olmaymiz. Chunki axborot olish qiyin. Ma’lumot uchun murojaat qilsangiz, sizga xorij josusidek qarashadi",- deydi ism-sharifini ayon etishni istamagan bu jurnalist.

Erkinlik cheklangan muhitda, deydi Nikolas Daniloff, jurnalist ba'zida ko’r, soqov va garang bo’lishga majbur.

"Chet el matbuotiga ishlashning, ba’zida buni sir tutishning aybi yo’q. Ayrimlar, tajribamdan bilamanki, bugun guvohi bo’layotgan voqealarni yozadi-yu, kelajakka asrab qo’yadi".

Sovet davrida, deydi Nikolas Daniloff, faqatgina rasmiy ma’lumot xabar sifatida ko’rilar edi.

"Hukumat qarori emasmi, demak yangilik sanalmas edi. Xorijiy muxbirlar ham Sovet senzurasidan o’tar edi. Jurnalistlar xavfli mavzularni chetlab o’tishni o’rgangan va bu odat shu kungacha ham saqlab qolingan".

Daniloff fikricha bugun ham matbuot uchun “kompromis” – murosa qilishdan boshqa yo'l yo'qdek.

O’zbekistonda kundalik axborot hamon rahbariyat buyruq va qarorlari, rasmiy majlislar bilan cheklanadi. Biroq muammolar muhokama qilinmaydi. Jurnalistika xalq fikrini shakllantiruvchi kuch ekan, deydi keksa muxbir, bu sohani cheklash bilan hukumat “xalq mushohada qilmasin, bilmasin va o’ylamasin” demoqda.

Toshkentdan turib mulohaza bildirgan mahalliy jurnalist “Toshkent markazida butunboshli binolar buzildi. Biroq biz o’zbekistonlik jurnalistlar bu borada ma’lumot bermadik. Hech kim hech narsa bilmaydi”, - deydi.

O’zbekistonda mish-mishlar, og’izdan-og’izga o’tadigan gaplarga yetadigani yo’q. Odamlar haqiqatni matbuotdan emas, ko’chadagi gaplardan izlaydi. Daniloff chet el gazeta, televideniye va radiolariga ishlovchi o’zbekistonliklarning davlat axborot vositalarida tanqid qilinayotgani achinarli hol deydi.

"Bu jurnalistlarga maslahat berish qiyin. Kasbimiz shu. Tanqidni ko’tara olmaydigan rahbariyat har narsaga qodir”,- deydi Daniloff.

O’zbekistonda jurnalistikadan dars bergan professor, mamlakatda soha yuzaki o’qitilishini, kasb sirlari puxta o’rgatilmasligini, yuqorida tilga olinganidek, erkinlik va mas’uliyat bir-biriga chambarchas bog’liq ekanini va bunga amal qilmagan har qanday mutaxassis qoqilishi mumkinligini eslatadi.

Jurnalistika faqatgina sensatsion, odamlarni yo hayratga, yo vahimaga soladigan holatlarni yoritish emas deydi u. Matbuot xalqqa uning hayoti bilan bevosita bog’liq, shaxs va jamiyat uchun muhim o’zgarishlar haqida ma’lumot yetkazishi kerak.

Hukumatning vazifasi xalq hayotini yengillashtirish bo’lsa, matbuot bu ish qanday bajarilayotganini kuzatadi. Har ikkisi pand berishi yoki bir-birini tushungan holda, jamiyatga birdek xizmat qilishi mumkin deydi Nikolas Daniloff.

Yarim asrdan oshiq davrni yoritgan jurnalist bunday qoqilish va muvaffaqqiyatlarga ko’p marta guvoh bo’lgan. Erkinlik keng qanot yozgan va yozmagan jamiyatlarda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG