Alisher Soipov o'limi ustidan tergov juda sekin kechmoqda


2006 yilda rossiyalik taniqli jurnalist Anna Politkovskaya, o’tgan yilning kuzida esa qirg’izistonlik journalist, “Amerika Ovozi” muxbiri Alisher Soipov o’ldirib ketilgan edi. Har ikki jinoyatni tergov qilish jarayoni ustidan turli shikoyat va e’tirozlar bor.

2007 yil kuzida O’shda otib ketilgan Alisher Soipov o’limini tergov qilish jarayoni hamon natija bermagan. Uning otasi Avaz Soipovning aytishicha, tergovchilar muhim dalil-ashyolarni yo’q qilgan.

Ota Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevga maktub yo’llab, O’zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatini tergov jarayoniga aralashganlikda, O’sh shahri hokimining idorasini tekshirganlikda gumon qilgan.

Avaz Soipovning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, tergovchilar u taqdim etgan ashyolarni inobatga olmagan va e’tiborsizlik tufayli dalillarni qo’ldan boy bergan.

“Tergovchilar o’g’limning buyumlari, jumladan, ofisdagi hujjat va kompyuterlarini olib, keyinchalik ularning hammasini qaytarmagan”,- deydi Avaz Soipov. Ayrimlari esa butunlay g’oyib bo’lgan. Jurnalistning kompyuteri buzib tashlangan.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, vazir Moldomusa Kongantiyev qotillikni fosh qilish uchun faol choralar ko’rmoqda. Prezident Bakiyev Alisher Soipovning o’limini tergov qilish jarayonini shaxsan kuzatishga va’da bergan.

Rossiya prokuraturasi Anna Politkovskayaning o’limida 3 kishini aybdor deb topgan. Bular - Checheniston fuqarolari Sergey Xojiqurbonov, Jabroil va Ibrohim Mahmudov.

Federal Xavfsizlik Xizmati sobiq xodimi Pavel Ryaguzov mansabni suiste’mol qilganlikda ayblangan. Shu tariqa Politkovskayaning ishi yopilgan.

Biroq “Novaya Gazeta” muharriri Sergey Sokolovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tergovchilar asosiy ayblanuvchi Rustam Mahmudovni qo’ldan chiqargan.

Rossiya Federal Xafvsizlik Xizmati va Moskva shahar sudi ko’p gap-so’z qilmasligi kerak edi. Shunda maxfiy ma’lumot odamlarning qulog’iga yetib bormagan, jinoyatchi juftakni rostlamagan bo’lar edi deydi Politkovskayaning hamkasbi Sergey Sokolov.

Jinoyatni kim buyurtigani ham noma’lum. Checheniston haqidagi lavhalari bilan tanilgan, Kremlni muntazam tanqid qilib kelgan Politkovskaya 2006 yil oktyabrida Moskvada otib ketilgan.

XS
SM
MD
LG