Breaking News

Qirg'izistonda o'zbekcha TV va radio dasturlar qisqaradi


O’zbeklar Qirg’iziston aholisining beshdan birini tashkil etadi.

Jamoa yetakchilarining aytishicha, yaqinda prezident Qurmanbek Bakiyev imzolagan qonun o’zbek tilida efirga chiquvchi xususiy radio va telestansiyalar faoliyatini cheklaydi.

Yangi qonunga muvofiq Qirg’izistonda barcha telemarkaz va radio stansiyalar efir vaqtining 50 foizini rasmiy davlat tilidagi dasturlarga ajratishi kerak. Ko’rsatuvlarning kamida 60 foizi o’sha stansiya mahsuloti bo’lishi shart.

Vaholanki, Qirg’iziston janubidagi teleradiolarning aksariyati o’z auditoriyasiga qarab, o’zbek va rus tillarida ko’rsatuv tayyorlaydi. Osh viloyatida keng tomosha qilinadigan Mezon Televideniyesi rahbari Javlon Mirzaxo’jayev to’liq muhokama qilinmay ma’qullangan bu qonun asosida endi o’zbek tilidagi dasturlarni keskin qisqartishga tog’ri keladi deydi.

“Asosiy tomoshabinlarimiz o’zbek tilidagi dasturlarimizga qiziqadi. Ular dasturlarimiz sifati, ancha erkin namoyish etilishiga yaxshi munosabatda edi. Endi talablariga qanday qilib javob berishni bilmay qoldik”, - deydi Mirzaxo’jayev.

Mezon TV singari Oshdagi bir necha mustaqil televidiniye va radio stansiyalarning shikoyatnomalari Qirg’iziston Oliy Sudi tomonidan rad etilgan. Prezident Kurmanbek Bakiyev qonunga tuzatishlar kiritilishi mumkin deydi, lekin Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi va Chegara Bilmas Muxbirlar Tashkiloti mustaqil axborot vositalari kelajagi xavf ostida deya ogohlantirmoqda. Javlon Mirzaxo’jayevning aytishicha, Qirg’iziston parlamentidagi o’zbek qonunchilar mazkur qonun loyihasini o’zgartirishga uringan.

“Ular bilan suhbatlashganimizda, qonunga kichik band kiritilganini atyishdi. Mahalliy tillarda dasturlar tayyorlash mumkin, degan. Endi agar filmlarni qayta dublyaj qilib berasizlar deyishsa, o’zbek tilida kinolarni efirga berolmay qolamiz”, - deydi Mezon televideniyesi rahbari.

Janubiy Qirg’izistondagi o’zbek axborot vositalari o’z faoliyatini saqlab qolish uchun mutaxassislar bilan maslahatlashmoqda.

“Qozog’iston tajribasidan foydalanishimizga tog’ri keladi. Hech kim televizor ko’rmaydigan vaqtlarni tanlab, qirg’iz jurnalistlarni ishga olib, ular tayyorlagan dasturlarni efirga berishga to’g’ri keladi. Biroq bu bilan tomoshabinlarimizga nisbatan bexurmatlik qilgan, bo’lamiz”, - deydi Javlon Mirzaxo’jayev.

Qirg’iziston janubida, deydi jamoatchilik vakillari, matbuot nisbatan erkin. O’zbek tilidagi ko’rsatuv va eshittirishlar kamaysa, aholi qo’shni O’zbekiston telekanal va radiolarida efirga uzatiladigan mafkuraviy dasturlarga qaram bo’lib qolishi tabiiy deydi jurnalistlar.

XS
SM
MD
LG