Amerikada sog'liqni saqlash katta muammo


Amerikada sog’liqni saqlash qimmat. Sug’urtasiz biror xizmatdan foydalanish amri mahol. Tibbiy xizmat ko’rsatish tizimi shu qadar murakkabki, amerikaliklar undan har jihatdan norozi.

Mamlakatda tibbiy sug’urta kompaniyalari va xususiy kasalxonalar qo’yadigan talablarga qarshi uzluksiz kurash ketadi. Har bir saylov oldidan bu dolzarb mavzuga aylanadi.

Xalq, deydi nohukumat tashkilotlar, Kongress va Oq Uyning bu boradagi hech bir va’dasiga ishonmaydi. Chunki siyosatchilar tibbiyot, farmatsevtika va sug’urta sohalarining mo’may moliyaviy ko’magi bilan qonunchilik palatalari va yuqori lavozimlarga saylanadi.

Narx-navo ko’tarilib, iqtisodiy vaziyat og’irlashar ekan, hukumatga nisbatan ana shunday keskin tanqidlar kuchaymoqda. Amerikada bugun 47 million kishining tibbiy sug’urta sotib olishga qurbi yetmaydi - aholining qariyb 15 foizi.

AQShda fuqarolarning aksariyati sog’lig’ini ish joyidan sug’urta qiladi. Biroq sug’urta to’lovlari oshib borayotgan bir paytda, hammaning cho’ntagi ham ko’tarmayapti.

“Ham fuqarolarga, ham davlat idoralariga qimmatga tushmoqda”, - deydi tahlilchi Ron Pollak.

Bu hali boshlanishi. AQSh Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra tibbiy xizmatlar bahosi kelasi 10 yil ichida ikki baravarga oshadi.

Sug’urta to’lovlari ham bunga ergashishi aniq. Bugun ko’pgina kichik bizneslar xodimlarini sug’urta bilan ta’minlay olmayapti. Jami 47 million amerikalik sug’urtasiz.

“Tizim isloh qilinmasa, sug’urtasizlar soni har yili bir millionga ko’payadi”, - deydi Artur Garson, Virjiniya Universiteti tibbiyot bo’limi rahbari. “Sug’urtasizlar 10 yildan so’ng 57 millionni tashkil etadi”.

... ya’ni, deydi shifokor, AQSh aholisining 20 fozini. Sug’urtaga to’lay olmaydiganlarning aksariyati ishli odamlar, lekin ularning maoshi sug’urta to’lovlarini qoplamaydi. Bir paytning o’zida ular bepul tibbiy xizmatlarga ham haqli emas. Sug’urtasiz inson uzoq umr ko’rmaydi deydi shifokorlar.

Jessika Bantin, AQSh So’gliqni saqlash vazirligi xodimi, so’nggi bu borada so’nggi izlanishlarga bosh-qosh bo’lgan.

“Bu mamlakatda biror kasallikka chalinish oila byudjetiga jiddiy zarar yetkazadi”.

Aynan shu bois, deydi mutaxassislar, sog’liqni saqlash saylov kampaniyasida doimiy mavzu. Ba’zilar AQShda urush faxriylari uchun yaratilgan tizimni sifat jihatdan namunali deb biladi.

Misol uchun, hukumat moliyalovchi bu kasalxona va klinikalarda ma’lumotlar kompyuterga kiritilgan. Faxriylar qaysi biriga bormasin, shifokor kasallik tarixini shu zahotiyoq chiqarib, ko’rishi mumkin.

Qon bosimi qachon va necha marta o’lchangan – hammasi shifokorning ko’z oldida. Analizlar qayta-qayta topshirilmaydi. Tibbiy xatolarning oldi olingan.

“Ma’muriy qog’ozbozlik, isrofgarchilik, ortiqcha tibbiy test va sinovlar, behuda muolaja va ko’rsatmalar – sog’liqni saqlash tizimidan bu muammolarni yo’qota olsak, hamyonga ancha foyda bo’lardi”, - deydi Artur Garson.

U kabi islohotchi shifokorlar fikricha xususiy sug’urta kompaniyalar ishini davom ettirishi, byudjet tomonidan moliyalangan dasturlar faoliyati esa kengayishi zarur. Uning aytishicha, tizimni hukumat qo’li ostiga olishi shart ema, ammo xalq salomatligiga nisbatan mas’uldorlikni oshirish lozim.
XS
SM
MD
LG