Eron Hindiston tomon gaz quvuri yotqizmoqchi, AQSh qarshi


7.5 milliard dollarga teng ushbu loyiha Eron gazini Pokiston hududi orqali Hindistonga yetkazadi. Ammo Eronni terror homiysi deb biluvchi Qo’shma Shtatlar bu loyihaga qarshi.

Yonilg'iga tashna Hindiston tabiiy gazni Erondan xarid qilmoqchi. Buning uchun Pokiston hududi orqali 2,600 kilometrli quvur yotqizish rejalangan.

1994 yilda boshlangan bu loyiha narx va tranzit to'lovlari yuzasidan kelishmovchiliklar bois amalga oshmay kelayotgan edi.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod yaqinda Islomobod va Dehliga safar qilib, masalani hal qilishga muvaffaq bo'lgan. Ammo AQSh Hindistonni loyihadan chiqishga da'vat etmoqda.

Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Patrik Klouson fikricha AQSh xavotiri shundaki, neft va gaz sanoatiga sarmoya jalb qilayotgan Eronning o'ziga ishonchi ortmoqda. "AQShning maqsadi esa Tehronni yadro dasturini davom ettirayotgani uchun jazolash",- deydi u.

"Gaz savdosi Eron xazinasini ancha to'ldirishi turgan gap. Shunday ekan, AQSh rasmiylari Eronga iqtisodiy bosim o'tkazish qiyinlashadi degan tashvishda".

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Shiv Shankar Mennonning ta'kidlashicha gaz quvuri hamda Eron bilan munosabatlar na Vashingtonga, na boshqa davlatlarga tegishli masala. "Aksincha",- deydi u, "Eron bilan savdo-sotiq mintaqa barqarorligi uchun muhim".

Hindiston nafaqat Eron bilan, balki AQSh va Isroil bilan ham aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ygan. Oq uy rasmiylari Hindiston-Eron orasidagi hamkorlikka uncha e'tibor qaratmaslikka urinmoqda. Ba'zida "Eron bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga bas qilishni maslahat beramiz" degan bayonotlar yangraydi, xolos.

Jurnalist Vijay Rana Hindistonga bosim o'tkazmagan ma'qul deydi. "Mamlakat qonunchilari orasida AQShning Hindiston tashqi siyosati ustidan nufuzi oshib bormoqda deydiganlar bor. Masalan, Hindiston parlamentida katta kuchga ega kommunistlar",- deydi jurnalist.

Pokistonlik sharhlovchi Xolid Hasan deydiki, gaz quvuri loyihasi Eron, Pokiston va Hindistonga ma'qul ekan, "Manfaatlar mushtarakligi AQSh e'tirozlarini chetlatishi tabiiy".

Loyiha amalga oshsa, Eron Hindiston va Pokistonga 2013 yilda gaz yetkaza boshlaydi.

XS
SM
MD
LG