Amerikada qolishning eng oson yo'li soxta nikohmi?


Amerikaga har yili minglab muhojir keladi. Bu yerdagi sharoit va taraqqiyot, vatandagi iqtisodiy qiyinchilik tufayli ba’zilar ketmaslikka, shu yerda muqim qolishga qaror qiladi.

Ba’zilar o’qishga kiradi, ish topib o’rnashadi, ba’zilar qonundan qochib, noqonuniy muhojirga aylanadi.

Ayrimlar esa Amerika fuqarolari bilan soxta nikohga kiradi. AQSh fuqarosi bo’lishning eng oson yo’li shu deydi muhojirlar.

Amerikaga kelib, bu yerda abadiy qolish uchun har qanday sinovga tayyor odamlar ko'p.

Buning eng tez va oson yo'llaridan biri soxta nikoh. Maqsad esa bir – orziqib kutilgan bir parcha qog'oz – grin kartani qo'lga kiritish. Suhbatdoshimiz mana shu yo'lni tanlagan o'zbekistonliklardan biri.

"Vatanim O'zbekistonni qanchalik yaxshi ko'rmay, u yerdagi moliyaviy va ma'naviy imkoniyatlar yuqori emasligini tan olmasdan iloj yo'q. Bu yerdagi imkoniyatlarni ko'rib, biror narsaga erishaman deb umid qilgan edim",- deydi u.

Chet el fuqarolari bilan turmush qurishga tayyor amerikaliklar kim o'zi? Ba'zilarning aytishicha, soxta nikoh bilan shug'ullanuvchi yirik guruhlar bor. Ba'zida esa tanish-bilishlar yordam beradi.

"Amerikada o'qiydigan kursdoshlarim orqali topganman. Mana shu studentlar, o'rtoqlarimning ko'pi grin-karta uchun turmush qurgan. Mening amerikalik umr yo'ldoshim do'stlarimning do'sti desam ham bo'ladi."

Amerika qonunlariga ko'ra, soxta nikoh qurish jinoyat. Bu ishni biznesga aylantirgan guruhlar AQSh immigratsiya xizmati tomonidan muntazam qidiruvda. Ularni fosh etish uchun ba'zida yillar kerak bo'ladi. Masalan, o'tgan yilning kuzida Floridada bir necha kishi hibsga olingan. Jumladan O'zbekiston fuqarolari. Guruhni aniqlash uchun 4-5 yil vaqt ketgan.

Advokat Ismoil Shaxtaxtinskiy AQShda chet ellik fuqarolar huquqini himoya qilib keladi.

"Agar AQSh hukumati bu nikoh haqiqatan ham soxta degan xulosaga kelsa, jinoyatchilar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 10 ming dollar jarima to'lashi kerak bo'ladi. Noqonuniy muhojir esa shu zahoti vataniga jo'natiladi", - deydi Shaxtaxtinskiy.

Albatta, muhojir bilan yolg'on turmush qurgan AQSh fuqarolari buning uchun haq oladi.

"Bu xizmat bahosi, eshitishimcha, 5 mingdan 10 ming dollargacha. Ba'zida bundan ham qimmatga tushishi mumkin",- deydi muhojir.

Suhbatdoshimiz hali ham AQSh fuqarosining qonuniy rafiqasi. Yana bir yil kutish kerak, undan keyin grin-kartani qo'lga kiritgach, ajrashamiz deydi u. AQShda 1986 yilda qabul qilingan qonunga ko'ra, chet el fuqarolari bilan qurilgan nikoh haqiqiy deb topilishi, chet ellik er yoki rafiqa grin-karta olishi uchun 2 yil kutishi kerak.

"Uyimdagilar bilishadi. Adam juda qattiqqo'l inson bo'lganliklari uchun ulardan ruxsat olib qilganman. Yo'q deganlarida bu ishga qo'l urmas edim. Adam menga, men ularga ishonaman. Umuman, shunday nikoh qurgan yoki qurmoqchi bo'lib yurgan o'zbekistonliklarning ko'pini bilaman",- deydi suhbatdoshimiz.

Ba'zi muhojirlarning vatanda oilalari, farzandlari bor. Grin karta va fuqarolikni olgach esa ajrashib, haqiqiy oilalarini Amerikaga olib kelishadi. Ayrimlarning ta'kidlashicha, odamlar muhtoj, tirikchilik qilishi kerak va soxta nikoh qurishni yagona yo'l deb biladi. Buning qayeri jinoyat deb hayron bo'ladi ular.

XS
SM
MD
LG