AQSh-Yevropa aloqalari ijobiylashmoqda


Jorj Bush yaqinda Yevropada bo’lib qaytdi. Mutaxassislar fikricha, AQSh rahbarining bu tashrifi birinchi prezidentlik muddati davomida darz ketgan AQSh-Yevropa aloqalarini tiklash va kuchaytirishga qaratildi.

Jorj Bush Sloveniya, Germaniya, Italiya, Vatikan, Fransiya va Britaniyada bo’ldi. Munosabatlar asosan Iroq urushi bois salbiylashgan edi. Yevropadagi aksariyat mamlakatlar urushga qarshi edi.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchanning aytishicha, aloqalar Iroq urushidan oldingi darajaga qaytmagan bo’lsada, ularni ijobiy deyish mumkin.

Iroqni istilo qilish rejasiga asosan Jak Shirak boshchiligidagi Fransiya va Gerxard Shryoder rahbarligidagi Germaniya qarshi chiqqan. Yevropadagi ijtimoiy so’rovlar natijasi ham AQSh siyosatiga norozilikni namoyish etgan.

Nyu-Yorkdagi Germaniya bo’yicha Amerika kengashi prezidenti Uilyam Drozdyakning aytishicha, bugunga kelib vaziyat ancha o’zgargan. Har ikki davlat tepasiga yangi rahbarlar keldi.

"Bush ma’muriyati ikkinchi prezidentlik davrida yakkaxon siyosat olib borish zararli ekanini, uning natijasida Amerikaning jahondagi obro’siga putur yetayotganini angladi," deydi tahlilchi.

Charlz Kupchan fikricha, Iroq urushi ikki tomon o’rtasida ortiq muammo emas.

"Iroq mavzusi chetga surib qo’yildi. Yevropa davlatlari qo’shinlarini asta-sekin Iroqdan chiqarmoqda. Tomonlar barcha diqqatni Afg’onistondagi vaziyat, Eron yadro dasturi, Rossiyadagi siyosiy jarayonlar va iqlim o’zgarishiga qaratgan," deydi Kupchan.

AQSh va Yevropa ayniqsa Erondan xavotirda. Londondagi Qirollik instituti mutaxassisi Maykl Uilyamsning aytishicha, Eron borasida qarama-qarshiliklar deyarli yo’q.

"Hozircha AQSh ham, Yevropa ham diplomatik harakatlar tarafdori. Ammo Qo’shma Shtatlar diplomatik choralar ish bermasa, muammoga harbiy yechim borligini ham eslatib turibdi. Yevropa bunday qilgani yo’q. Yevropa Ittifoqining bu masala bo’yicha AQShdan ustunligi shundaki, Eron bilan bevosita muloqot qila oladi," deydi Uilyams.

Tahlilchilarga ko’ra, Bushning Yevropaga bu safargi tashrifi davomida oldinlari bo’lganidek, unga qarshi namoyishlar kuzatilmagan.

Uilyam Drozdyakning aytishicha, yevropaliklar Bushning prezidentlik muddati tugayotganini bilib turibdi, shuning uchun unga befarqlik bilan qaramoqda.

Tahlilchilarga ko’ra, AQShda saylov kampaniyasi davom etarkan, yevropaliklar asosan demokratlardan nomzod Barak Obamaga ijobiy qaraydi va AQShning yangi prezidenti Yevropa bilan aloqalarga o’zgarishlar olib kelishini istaydi.

XS
SM
MD
LG