Breaking News

AQSh Eronda kichik vakolatxona ochishi mumkin


AQSh hukumati Eronda kichik vakolatxona ochish haqida o’ylanar ekan, rasmiy Tehron bunday taklifga ochiq ekanini bildirgan.

Ikki davlat qariyb 30 yildan beri diplomatik aloqa yuritmaydi. AQSh rasmiylari fikricha vakolatxona xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirgan bo’lar edi.

Lekin “Tehronda vakolatxona ochish rejasi Bush ma’muriyatining mamlakatni yakkalash siyosatiga zid emasmi?” - deb so’ramoqda sharhlovchilar. Vashington, malumki, ittifoqchilaridan va xalqaro moliyaviy tashkilotlardan Eron bilan hamkorlik qilmaslikni so’rab keladi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays “aniq reja haqida gapirishga hali erta, masala muhokamada” deya cheklanmqoda.

Eronda 1979 yilgi inqilob ketidan AQSh bilan aloqalar uzilgan. O’shanda Amerikaning Tehrondagi diplomatlari garovga olingan; 400 dan oshiq kun o’tib ular ozod etilgan va mojaro oqibatida elchixona yopilgan edi. Hozirda Eron Vashingtonda, Pokiston elchixonasi qoshida kichik idoraga ega.

Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysining aytishicha, AQShning Eron yadro dasturi va boshqa masalalar yuzasidan tanqidlari Eron xalqiga qaratilmagan. “Eron xalqi va madaniyatini hurmat qilamiz, turli sohalarda hamkorlik qilib kelyapmiz”, - deydi Keysi.

Hozirda AQShga viza olish uchun Eron fuqarolari Dubayga borishga majbur. Tehronda esa Shveytsariya elchixonasi AQShga doir masalalar bilan shug’ullanadi.

Oq uy Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri siyosiy muzokara boshlashga tayyor. Shart shuki, Eron uran boyitishni to’xtatishi kerak. Tehron esa bu dasturni yuritishga o’zini haqli deb biladi.
XS
SM
MD
LG