Jorj Bush Iroq prezidenti bilan uchrashdi


Prezident Bush Vashingtonda Iroq rahbari Jalol Talaboniy bilan uchrashar ekan, vaziyat qaltis, ammo tinchlikka erishilyapti dedi.

Prezident Bush fikricha Iroq bugun ancha xavfsiz. Biroq, deydi u, oldinda qilinadigan ish ko'p.

Shu yilning oxirida AQShning Iroqdagi harbiy missiyasi nihoyasiga yetadi. Tomonlar hamkorlikni uzaytirish ustida muzokara qilmoqda. Muhimi, bitim Iroq hukumati manfaatlaridan kelib chiqqan holda imzolanishi kerak deydi Bush.

Prezident Talaboniy AQSh bilan tez orada murosaga erishish niyatida. Uning ta'biricha, Iroqda milliy birdamlikni ta'minlash ustuvor vazifa bo'lib qolmoqda. Qo'shni davlatlar – Eron va Suriya bilan aloqani yaxshilash ham tinchlikka hissa qo'shadi deydi u.

Bush ma'muriyati rasmiy Tehron va Damashqni terrorizmni quvvatlayotganlikda, xususan Eronni Iroqda shia jangarilarni qurol-aslaha bilan ta'minlayotganlikda ayblab keladi. Biroq, deya xabar beradi Oq Iydagi muxbirimiz Pola Vulfson, AQSh Iroqning qo'shni davlatlar bilan aloqalariga aralashmoqchi emas.

Bugun Iroqning Mosul shahrida hukumat binosi yonida portlash ro'y berib, 18 kishi halok bo'lgan. 62 nafari jarohatlangan. Anbar viloyatida sodir etilgan xuruj esa 11 kishini hayotdan olib ketgan. O'tgan bir hafta ichida jangari tomonidan bir necha bomba portlatilgan.

XS
SM
MD
LG